O‘zbekistonda koronavirus bilan kasallanish ko‘rsatkichlari yana ko‘paya boshlagani sababli 16 martdan boshlab aholi o‘rtasida karantin qoidalariga rioya qilishni kuchaytirish maqsadida ichki ishlar organlari tomonidan targ‘ibot ishlari qayta yo‘lga qo‘yildi. O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati bu haqda «Gazeta.uz»ga ma’lum qildi.

Ayni paytda IIO xodimlari jamoat joylarida, aholi yashash punktlarida maxsus xizmat mashinalarida va yayov yurgan holda odamlarni karantin qoidalariga e’tiborli bo‘lishga, niqob taqib yurishga chaqirishmoqda.

Faqatgina karantin cheklovlarini qo‘pol ravishda buzayotgan, kasallikka chalingani uchun uy karantiniga olinganiga qaramay, yashash joyidan chiqib ketgan aholi vakillari, bundan tashqari, bir necha marta ogohlantirilgandan keyin ham karantin qoidalariga amal qilmaganlar, asosan xizmat ko‘rsatish sohasi vakillari, jumladan, go‘zallik salonlari ishchilari, bozor va do‘konlardagi sotuvchilar jarimaga tortilmoqda.

O‘tgan sutka davomida Farg‘ona viloyatida 156, Namangan viloyatida 85, Samarqand viloyatida 65, Toshkent shahrida 60, Toshkent viloyatida 24, Buxoro viloyatida 7, Navoiy viloyatida 3 kishi ma’muriy jazo olgan.