Yaponiya 21 mart kuni favqulodda vaziyat rejimini bekor qilishni rejalashtirmoqda

Yaponiya hukumati 21 mart kuni Tokio va unga qo‘shni Kanagava, Sayta va Chiba prefekturalarida koronavirusga qarshi favqulodda vaziyat rejimini bekor qilishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 17 mart kuni mamlakat bosh vaziri Yosixide Suga ma’lum qildi. Shunday qilib, cheklov choralari butun Yaponiya bo‘ylab bekor qilinadi. «Biz hukumat yig‘ilishini o‘tkazdik va ertaga ekspertlar qo‘mitasiga 21 mart kuni Tokioda va uchta qo‘shni prefekturada favqulodda vaziyat rejimni bekor qilishni muhokama qilishni taklif qilish niyatidamiz», dedi bosh vazir. Unga ko‘ra bekor qilish to‘g‘risidagi yakuniy qaror payshanba kuni (18 mart) hukumat shtabining infeksiya tarqalishiga qarshi choralar bo‘yicha yig‘ilishida tasdiqlanadi. Bosh vazir, shuningdek, tibbiy tizimdagi yuk va kasalxonalarda bo‘sh joylarning mavjudligi bilan bog‘liq vaziyat cheklovlar amal qilgan vaqt ichida sezilarli darajada yaxshilanganini ta’kidladi.

Yaponiyaning qator hududlarida favqulodda vaziyat rejimi 7 yanvar kuni bir oy muddatga joriy qilingan edi. Keyin hukumat uni o‘nta prefekturada 7 martga qadar uzaytirdi. Ushbu hududlarda jami 70 mlnga yaqin odam yashaydi, bu Yaponiya aholisining yarmidan ko‘pini tashkil qiladi. Fevral oyining oxirida Yaponiya hukumati o‘nta prefekturaning oltitasida favqulodda vaziyat rejimini bekor qildi, ammo uni 36 mlnga yaqin aholi istiqomat qiladigan poytaxt hududida qoldirdi. — TASS.

Qozog‘iston aholining 60 foizini «Sputnik V» va mahalliy vaksina bilan emlashni rejalashtirmoqda

2021 yilda 6 mln qozog‘istonlik (aholining 32 foizi) Rossiyaning Sputnik V va mahalliy QazCovid-In vaksinalari bilan emlanadi, dedi Tibbiyot va farmatsevtika nazorati qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nurlibek Asilbekov. Jurnalistlardan biri Asilbekovdan «nima uchun chet el vaksinalari Qozog‘istonda hali ham mavjud emas», deya so‘radi. Bunga: «Biz birinchilardan bo‘lib Sputnik V ishlab chiqarishni mahalliylashtirdik va uni emlash uchun taqdim etdik. Ikkinchidan, bizning QazCovid-In vaksinasi hozirda ishlab chiqilmoqda va biz o‘z vaksinalarimizga ishonch bildirayapmiz», deb javob berdi u. Uning qo‘shimcha qilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi aholining 60 foizini ushbu ikki vaksina bilan emlashni ko‘zda tutmoqda. — Interfaks.

Seul barcha chet ellik ishchilarga COVID-19 testidan o‘tishni buyurdi

Seul (Janubiy Koreyaning poytaxti) barcha chet ellik ishchilarga COVID-19 koronavirusini tekshirishni (PSR-test) buyurdi. Ushbu majburiyat chet elliklarning barja toifalariga, viza holatidan qat’i nazar, shuningdek, ularning ish beruvchilariga ham tegishli. Mart oyining oxiriga qadar test natijalari bo‘lmagan taqdirda, qoidabuzarlarga 1760 dollargacha jarima solinadi. AP ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil oxirida Seulda taxminan 240 ming chet ellik ro‘yxatdan o‘tgan edi, ammo rasmiylar ularning qanchasi test topshirishi kerakligini aniqlamadilar. — Associated Press (AP).

Liviya tarixida ilk bor ayol kishi tashqi ishlar vaziri lavozimida ishlaydi

Liviyaning birinchi ayol vaziri, tashqi ishlar vaziri Najla Mangush 17 mart kuni o‘z vazifalarini bajarish uchun ishga kirishdi. Al-Marsad axborot portalining xabar berishicha, marosim Tripolidagi Tashqi ishlar vazirligi binosida bo‘lib o‘tdi. Mangush 2016 yil mart oyining o‘rtalaridan Tashqi ishlar vazirligini boshqargan Muhammad Taher Siyala bilan o‘rin almashtirdi. Tantanali ravishda Siyala o‘z vakolatlarini yangi vazirga topshirdi. Hozirda, Milliy birlik hukumatida (MBH) vazirlik lavozimlarida besh ayol faoliyat yuritmoqda. Liviya parlamenti 10 mart kuni MBHga ishonch ovozini berdi, uning tashkil etilishi Liviyada uzoq vaqt davomida ikki tomonlama hokimiyatga chek qo‘ydi. Yangi hukumatda 35 ta lavozim mavjud: 27 vazir, oltita davlat vaziri va portfelsiz ikki bosh vazir o‘rinbosari. — Al-Marsad.

JSST AstraZeneca vaksinasini qo‘llashni davom ettirishni tavsiya qildi

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) 17 mart kuni mamlakatlarga AstraZeneca vaksinasini COVID-19'ga qarshi qo‘llashda davom etishni tavsiya qildi. «JSST AstraZeneca vaksinasini qo‘llashning foydasi xavfdan yuqori deb hisoblaydi va emlashni davom ettirishni tavsiya qiladi», deyiladi tashkilot bayonotida. Shuningdek, JSSTning vaksinalar xavfsizligini baholash qo‘mitasi AstraZeneca xavfsizligi bo‘yicha so‘nggi ma’lumotlarni diqqat bilan o‘rganib chiqayotgani va ushbu jarayonni yakunlagach, natijalarni jamoatchilikka e’lon qilinishini ta’kidladi. Qon quyqalarining paydo bo‘lishi, JSSTning ta’kidlashicha, ba’zan uchrab turadi va yurak-qon tomir kasalliklari orasida uchinchi o‘rinda turadi. Avvalroq Germaniya, Fransiya, Italiya, Ispaniya singari qator Yevropa davlatlari AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni to‘xtatganligi haqida ma’lum qilishgan edi. Bunga emlashdan keyin tromboz holatlarining kuzatilishi sabab bo‘ldi. — Interfaks.

Bayden muhojirlarni AQSHga noqonuniy kirishga urinmaslikka chaqirdi

AQSH prezidenti Jo Bayden muhojirlarni AQSHga, shu jumladan Meksikadan noqonuniy kirishga urinmaslikka chaqirdi. Baydendan AQSH hukumati tomonidan Meksika bilan chegarada ko‘plab muhojirlar hibsga olingani haqidagi xabarlarga izoh berishni so‘rashdi. Oq uy rahbari, xususan, noqonuniy muhojirlar sonining ko‘payishi 2019 va 2020 yillarda kuzatilganini ta’kidladi. Bayden sodir bo‘layotgan voqealar uning noqonuniy muhojirlarga nisbatan juda yumshoq munosabati oqibati degan da’volarga qo‘shilmadi. «Men aniq ayta olaman — kelmanglar», deya qo‘shimcha qildi u. Shuningdek, AQSH prezidenti noqonuniy ravishda mamlakatga kirmoqchi bo‘lgan muhojirlarni «o‘z shaharlaridan chiqmaslikka» chaqirdi. Shu hafta AQSH Milliy xavfsizlik vazirligi mamlakat so‘nggi 20 yil ichida Markaziy Amerikadan rekord miqdordagi noqonuniy muhojirlarning kelishiga tayyor bo‘lishi kerakligini e’lon qildi. — ABC.