17 mart kuni soat 18:42 da Andijon viloyati Andijon tumani Shifokor ko‘chasida joylashgan tibbiyot birlashmasiga qarashli binoda yong‘in sodir bo‘lgan, deya xabar qildi Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Xabarda qayd etilishicha, yong‘in sodir bo‘layotgan joyga Andijon tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limining yong‘in-qutqaruvchilari zudlik bilan yetib borgan.

Ma’lum bo‘lishicha, yong‘indan binoning 100 kv.m maydoni, tom va shift qismi yonib zarar ko‘rgan. Binoda bo‘lgan 20 nafar bemor o‘z vaqtida xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan. Shu sababli insonlarning halok bo‘lishi va tan jarohat olishi qayd etilmagan.

Yong‘in bir necha daqiqa ichida bartaraf etilgan. Yong‘in-qutqaruvchilarining sa’y-harakatlari natijasida binoning 500 kv.m maydoni yong‘indan saqlab qolingan.