Toshkent viloyatida karantin qoidalariga amal qilish nazorati kuchaytiriladi, deya xabar qildi poytaxt viloyati ma’muriyati matbuot xizmati.

Bu haqdagi qaror Toshkent viloyati hududida kasallik tarqalishining oldini olish, fuqarolar salomatligini muhofaza qilish va xavfsizligini ta’minlash maqsadida viloyat mas’ullari ishtirokida o‘tkazilgan kengaytirilgan yig‘ilishda qabul qilindi.

Unga ko‘ra, asosan aholi gavjum bo‘ladigan bozor va savdo markazlari, jamoat joylari va jamoat transportlarida ijtimoiy masofani saqlash, himoya niqobini taqish va antiseptik vositalardan foydalanish holatlari yuzasidan viloyat hududida nazorat tadbirlari o‘tkazilishi belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida karantin choralari kuchaytirilishi, xususan, taksi va qurilishlarda karantin choralari kuchaytirilishi, poytaxt hokimligi va uning tizimidagi barcha tuzilmalarda turli yig‘ilishlarni o‘tkazish taqiqlangani haqida xabar berilgan edi.