Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Azattyk radiosiga bergan intervyusida rivojlangan davlatlar yuz yil muqaddam bosib o‘tgan yo‘lni Qirg‘iziston endi bosib o‘tayotganini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, rivojlangan mamlakatlar ta’lim, madaniyat sohalari va turmush darajasida ancha ilgarilab ketgan. Nima uchun Qirg‘iziston bunday murakkab vaziyatga tushib qolgani haqida gapirar ekan, Sadir Japarov O‘zbekistondan misol keltirdi.

«Kecha O‘zbekistonga borganimda ko‘p narsani sezdim, bir tomondan uyaldim. 30 yildan beri bir-birimiz bilan siyosatda, mitingda yuraverib, etik tozalaydigan shyotka chiqara olmabmiz, fabrika-zavod qura olmabmiz. O‘zbekiston bizdan 40−50 yil oldinga o‘tib ketibdi, desam adashmayman. Mana shunday shurupdan boshlab samolyotgacha chiqaradigan darajagacha yetishibdi», — dedi u.

Sadir Japarov, shuningdek, O‘zbekistonga davlat tashrifi va prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muzokaralar natijalari haqida gapirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat rahbarlari barcha chegara masalalarini yaqin uch oy ichida hal qilishga kelishib oldilar. Uning ta’kidlashicha, tomonlar o‘rtasida jiddiy kelishmovchiliklar mavjud emas va 24−25 mart kunlari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Kamchibek Tashiyev zarur hujjatlarni imzolash uchun qo‘shni davlatga boradi.

Prezident, shuningdek, so‘nggi kunlarda jamoatchilik tomonidan qizg‘in muhokama qilinayotgan Qirg‘izistonda joylashgan O‘zbekistonning So‘x anklavi atrofidagi vaziyatga ham o‘z munosabatini bildirdi.

«So‘x bo‘yicha biz aviaaloqani, ya’ni samolyotlar qatnovini ochib beramiz, dedik. Undan tashqari, nazorat-o‘tkazish punktlarini ham. Men internetda o‘qidim, muxolifatchilar, fikri buziq odamlar So‘xga koridor berar ekan, yo‘l ochib berar ekan, suvini berar ekan, degan noto‘g‘ri ma’lumotlarni tarqatishibdi. Biroq ular to‘g‘ri ma’lumotlar emas. Ungar-Too bo‘yicha Shavkat Mirziyoyev: biz da’vogar bo‘lmaymiz, sizga tegishli bo‘lsin, deb ochiq aytdi», — dedi Sadir Japarov.

Sadir Japarov, shuningdek, tomonlar Qirg‘izistondagi Qambarota-1 GES investitsiya loyihasini birgalikdan tayyorlash to‘g‘risidagi kelishuv imzolanganini, qurilishi 3 yil ichida tamomlanishini ham ma’lum qildi.