Janubiy Koreya rahbari davlat xodimlari bilan bog‘liq korrupsiya mojarosi uchun uzr so‘radi

Koreya Respublikasi prezidenti Mun Chje In davlatga tegishli yer va uy-joy korporatsiyasi xodimlari ishtirok etgan yer spekulyatsiyasi mojarosi uchun mamlakat fuqarolaridan uzr so‘radi. Mamlakat rahbari 16 mart kuni hukumatning haftalik yig‘ilishini ochib, tegishli bayonotlarni berdi. “Ushbu janjal boshlanganidan juda afsusdaman, bu odamlar orasida hasrat va umidsizlikni kuchaytirdi”, dedi Mun Chje In. Shu munosabat bilan u davlat xizmatchilari orasida korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirishga va’da berdi. “Ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bo‘lgan chuqur ildiz otgan „yovuzlikni“ olib tashlash yanada adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi burilish nuqtasi bo‘ladi”, dedi prezident. Shuningdek, u davlat xizmatchilarining axloqiy me’yorlarini oshirishdan boshlab, davlat muassasalarida tub islohotlarni amalga oshirish zarurligiga ishora qildi. Avvalroq ma’lum bo‘lganidek, milliy yer va uy-joy korporatsiyasining kamida yigirma xodimi katta qurilishlar rejalashtirilganligi to‘g‘risida rasmiy ma’lumotlarga ega bo‘lgan holda poytaxt hududida o‘zlashtirilmagan yer uchastkalarini sotib olishdi. So‘nggi yillarda mamlakatning barcha hududlarida uy-joy narxi va ijara haqi keskin ko‘tarilib ketganligi mojaroni yanada kuchaytirdi. — TASS.

Xitoy hukumati Alibaba’dan media aktivlar portfelini qisqartirishni talab qildi

Xitoy hukumati mamlakatdagi eng yirik internet-kompaniyasi bo‘lmish Alibaba’dan uning media aktivlari hajmini qisqartirish talabini qo‘ydi, deb yozadi The Wall Street Journal. Alibaba aktivlarini ko‘rib chiqayotgan xitoylik regulyatorlar kompaniyaning media-biznesdagi manfaatlari qanchalik kengligidan hayratda qolishib, undan ushbu sohadagi aktivlarni sezilarli darajada qisqartirish rejasini taqdim etishni talab qilishdi, deydi manbalar. Jek Ma tomonidan asos solingan Alibaba yillar davomida bosma, raqamli OAV va ijtimoiy tarmoqlarni o‘z ichiga olgan media aktivlari portfelini yaratdi. Xususan, kompaniya Twitter’ning xitoycha varianti bo‘lgan Weibo’ning, shuningdek, masalan, Gonkongda ingliz tilida nashr etiladigan South China Morning Post’ning ulushiga egalik qiladi. Nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, Alibaba aksiyalarining kompaniyalardagi umumiy qiymati 8 mrld dollardan oshadi, xususan, Weibo Corp. 3,5 mlrd dollar va Bilibili Inc. video platformasidagi ulushi 2,6 mlrd dollarga baholanmoqda. —  The Wall Street Journal.

Financial Times’ning yozishicha, Alibaba brauzeri xitoy ilova do‘konlaridan olib tashlandi.

Braziliyada pandemiya boshlanganidan beri sog‘liqni saqlash vaziri to‘rtinchi marta almashti

Braziliya prezidenti Jair Bolsonaru 15 mart kuni Braziliya kardiologiya jamiyatining prezidenti doktor Marselo Keyroga general Eduardo Pazuell o‘rniga sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinlanishini ma’lum qildi. “Bugun tushdan keyin Marcyela Keyrogani tayinlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Men uni bir necha yildan beri taniyman. (…) U Pazuellning qilgan ishlarini davom ettirib, yaxshi ishlashi uchun kerak bo‘lgan hamma narsaga ega”, dedi Bolsonaru. Braziliya prezidentining so‘zlariga ko‘ra, Keyroga o‘zining ishchi jamoasini tanlab, “bir-ikki hafta ichida” ishga kirishadi. Keyroga COVID-19 pandemiyasi boshlanganidan beri Braziliyada tayinlangan to‘rtinchi sog‘liqni saqlash vaziri bo‘ladi. Hozirda mamlakatda og‘ir vaziyat kuzatilayapti. 16 mart holatiga ko‘ra, u yerda pandemiya davomida ja’mi 11,5 mlndan ortiq odam koronavirus bilan kasallangan, jami deyarli 280 ming kishi vafot etgan. Mamlakat shifoxonalari to‘la, Braziliyaning 26 shtatidan 22 tasida intensiv terapiya bo‘limlari to‘lishga yaqin turibdi. — Interfaks.

Kiyev Qrimni deokkupatsiya qilish strategiyasini tayyorladi — Zelenskiy

Qrimning Rossiyaga qo‘shilishi bo‘yicha referendumning bir yilligi munosabati bilan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Kiyev yarim orolni tark etmasligini va “yarimorolni deokkupatsiya (istiloga chek qo‘yish) qilish va qayta integratsiyalash strategiyasi” tayyorlaganini ma’lum qildi. “Yetti yil oldin Rossiya Qrimda soxta referendum o‘tkazdi. Noqonuniy anneksiyadan so‘ng Ukraina birinchi marta yarimorolni deokkupatsiya va qayta integratsiyalash strategiyasini tayyorladi”, — deb yozgan Zelenskiy o‘z Twitter'ida. Kiyev Qrimni qaytarish masalasini muhokama qilishni rejalashtirgan “Qrim platformasi” sammiti 23 avgust kuni, Ukraina mustaqilligi kuni arafasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Ukraina tomoni ushbu platformaga Turkiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Kanada va AQSH kabi qator davlatlarga qo‘shilishni taklif qildi. — RIA Novosti.

Mahalliy amerikalik ayol ilk bor AQSH ichki ishlar idorasiga rahbarlik qiladi

15 mart kuni AQSH Senati Debra Xaalandning Ichki ishlar vazirligi rahbari lavozimiga nomzodini ma’qullash uchun ovoz berdi. Ovoz berish natijalariga ko‘ra, 51 senator Xaalandni yoqlab, 40 nafari esa unga qarshi ovoz berdi. 60 yoshli Xaaland Nyu-Meksiko shtatining g‘arbiy-markazida joylashgan Pueblo hindu qabilasining vakilidir. Amerikaning tub aholisi vakilining vazir bo‘lishi mamlakat tarixida ilk bor kuzatilmoqda. — CNN.

Buyuk Britaniya o‘zining birinchi kosmik strategiyasini ishlab chiqadi

2021 yil davomida Buyuk Britaniyaning Milliy kosmik kengashi birinchi milliy kosmik strategiyani ishlab chiqadi, xususan, kosmik qo‘mondonlikning tashkil etilishi va mamlakatdan sun’iy yo‘ldoshlarni uchirish imkoniyatlarini rivojlantirsh ko‘zda tutilgan. Ta’kidlanishicha, 2021 yilga mo‘ljallangan milliy kosmik strategiya “harbiy va fuqarolik kosmik siyosatiga kompleks yondashuvni” birlashtiradi. Uning bir qismi sifatida 2021 yilning yoziga qadar “Buyuk Britaniya qurolli kuchlari mamlakat manfaatlarini ham Yerda, ham kosmosda ilgari surish maqsadida rivojlangan imkoniyatlarga ega bo‘lishi uchun” yangi kosmik qo‘mondonlikni tashkil etish rejalashtirilmoqda. 2022 yilga qadar Buyuk Britaniyadan (Shotlandiyadan) sun’iy yo‘ldosh uchirish imkoniyatlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. “Bu bizga ko‘proq strategik muxtoriyat va Buyuk Britaniya kosmosga nima va qachon yuborishi to‘g‘risida moslashuvchanlikni beradi”, — deya ta’kidlandi hujjatda. — Hujjat.

Shuningdek, Buyuk Britaniya yadro salohiyatini 40 foizga oshirmoqchi. Gap “Trident” yadroviy raketalari sonini 180 tadan 260 taga yetkazish rejalari haqida ketayapti, bu o‘ttiz yil davom etgan bosqichma-bosqich qurolsizlanish jarayonining tugaganligini ko‘rsatmoqda. Sharhda ta’kidlanishicha, ushbu strategiya xavfsizlik muhitidagi o‘zgarishlar va keng ko‘lamli texnologik va doktrinaviy tahdidlarning mavjudligi natijasidir.