Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi markazi Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Malika Qudratxo‘jayeva Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashining o‘ttiz oltinchi sessiyasida poytaxtdagi epidemiologik vaziyat haqida xabar berdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «uchta tumanda karantin qoidalariga mas’uliyatsizlik bilan yondashish kasallikning keng tarqalishiga olib kelgan». 16 martdan boshlab koronavirus bilan kasallanish darajasi oshgani sababli Toshkentning Mirzo Ulug‘bek, Chilonzor va Yunusobod tumanlarining barcha maktablarida o‘quv mashg‘ulotlari onlayn tarzda tashkil etildi.

Shu jumladan, 10 mart kuni Yunusobod tumanida joylashgan maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi R. M.da koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Epidemiologik surishtiruv natijasiga ko‘ra, tarbiyachi xonadonida koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemor bo‘lishiga qaramasdan, u karantin talablariga rioya etmagan va ishlashda davom etgan. 11 mart kuni epidemiologik ko‘rsatmaga asosan muassasaning tarbiyachi va tarbiyalanuvchilaridan koronavirus infeksiyasiga test tahlillari olingan. 13 mart kuni 2 nafar tarbiyachida, shifokorda va 1 nafar tarbiyalanuvchida koronavirus infeksiyasi aniqlangan. Hozirda bu ish Toshkent shahar prokuraturasining nazoratiga olingan.

Bundan tashqari, 5 mart kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida joylashgan ta’lim muassasasi tarbiyachisi M. M.ning qaynotasi davolash muassasasiga koronavirus infeksiyasi tashhisi bilan yetkazilgan va 7 mart kuni vafot etgan. 9 mart kuni janoza paytida mazkur ta’lim muassasasining bir necha xodimlari ishtirok etgan va bu bilan muassasa tarbiyalanuvchilarining sog‘lig‘ini xavfga qo‘ygan.

Shu bilan birga, Sog‘liqni saqlash vazirligi so‘nggi marta 10 fevralda COVID-19 dan vafot etganlik holati haqida xabar bergan edi. «Gazeta.uz» Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatidan tezkor izoh ololmadi.

Xabarga ko‘ra, Olmazor tumanida joylashgan oliy ta’lim muassasasiga qarashli yotoqxonada ham 3 nafar talabada bir necha kundan buyon tana haroratining ko‘tarilishi, tomoq og‘rig‘i va holsizlik belgilari bo‘lganligi sababli, talabalardan 11 mart kuni koronavirus infeksiyasiga test tahlil surtma namunalari olingan. 13 mart kuni tegishli fakultetning 4 nafar talabasida COVID-19 aniqlangan. Biroq, ularda kasallik alomati mavjud bo‘lmagan.

Toshkent shahriga koronavirus infeksiyasi kirib kelishi va tarqalishining oldini olish bo‘yicha Toshkent shahar shtabining bir qator qarorlari qabul qilindi:

  • koronavirus infeksiyasi aniqlangan oilalarda karantin talablariga rioya etmagan fuqarolarga nisbatan qonuniy jazo choralari ko‘riladi;
  • aholi orasida COVID-19 keng tarqalishining oldini olish, fuqarolar salomatligini himoya qilishni yanada kuchaytirish maqsadida Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan ommaviy-madaniy tadbirlar o‘tkazilishida karantin talablariga qat’iy rioya etilishi nazoratga olinadi;
  • sport musobaqalarini tomoshabinlarsiz o‘tkazilishi choralari ko‘riladi;
  • epidemiologik vaziyat yomonlashgan taqdirda joriy yilning 1 aprelidan boshlab ommaviy tadbirlarni vaqtincha to‘xtatib turish yuzasidan Respublika Maxsus komissiyasiga tegishli taklif kiritiladi.

Toshkent shahar hokimligi ham o‘z tizimidagi majlislarni o‘tkazishni vaqtincha cheklab qo‘ydi. Zarurat tug‘ilganda, ular onlayn tarzda o‘tkaziladi.

Bundan tashqari, universitetlar va yotoqxonalarda karantin talablariga rioya qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Avvalroq, Toshkent shahridagi taksi va qurilishlarda karantin choralari kuchaytirilishi bo‘yicha қарорларэълон qilingan edi.

So‘nggi besh kun ichida poytaxtda COVID-19 bilan kasallanish holatlari ko‘paymoqda. Shahar hokimligi «karantinga rioya qilish» ustidan nazorat kuchaytirilishi va jamoat transportida majburiy niqob kiyib yurish talabi haqida xabar bergan edi.