YeIning eng yirik mamlakatlari — Germaniya, Fransiya, Italiya va Ispaniya — Oksford universiteti va AstraZeneca tomonidan ishlab chiqilgan vaksinadan foydalanish to‘xtatilganligini e’lon qildi, deya xabar bermoqda RBK.

15 mart kuni Germaniya SCV xabar qilingan nojo‘ya ta’sirlarni tekshirish uchun AstraZeneca koronavirusga qarshi vaksinadan foydalanishni to‘xtatayotganini e’lon qildi. Shundan keyin bir necha soat ichida Yevropaning bir qator mamlakatlari rasmiylari ham ushbu vaksinadan foydalanishni to‘xtatganligini e’lon qilishdi.

Yevropadan tashqarida AstraZeneca vaksinasidan foydalanish Indoneziya, Kongo Demokratik Respublikasi, Tailand, Janubiy Afrika tomonidan to‘xtatilgan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Gebreyesus ma’lumotiga ko‘ra, tashkilotning vaksinalar xavfsizligi bo‘yicha maslahat qo‘mitasi 16 mart kuni AstraZeneca preparati xavfsizligi bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqadi.

«Bizning qarorimiz faqat ogohlantiruv sifatida qabul qilingan. AstraZeneca bilan dunyoning ko‘plab mamlakatlarida millionlab odamlar emlanadi. Ushbu qarorning oqibatlarini barchamiz yaxshi bilamiz. Vaksinaga bo‘lgan ishonchni saqlab qolish uchun Germaniyadagi va Yevropa Ittifoqidagi mutaxassislarimizga so‘nggi voqealarni tahlil qilishi uchun vaqt berishimiz kerak. Shuningdek, ular vaksinaning foydasi mumkin bo‘lgan xavfdan ustunroqmi yoki yo‘qligini aniqlashimiz kerak», —dedi Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Yens Shpan.

Gollandiyalik dori-darmonlarni nazorat qilish boshqarmasi noxush hodisalar aynan vaksinadan foydalanilganidan kelib chiqqani to‘g‘risida dalillar yo‘qligini, ammo bularning barchasini tekshirish uchun vaqt kerakligini ta’kidlagan.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) mutaxassislari BMTning Yangiliklar xizmati tomonidan aniqlik kiritilishicha, tromboz holatlari va AstraZeneca vaksinasi bilan emlashlar o‘zaro bog‘liqligi hozirgacha tasdiqlanmagan. Bundan tashqari, ekspertlarning ta’kidlashicha, dunyoda allaqachon koronavirusga qarshi yuz millionlab emlashlar qilingan va shu paytgacha emlash natijasida bironta o‘lim holati rasmiy ravishda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan.

«Biz barcha mamlakatlarni birdamlik ko‘rsatishga chaqiramiz va emlash joriy yilning birinchi 100 kunida barcha mamlakatlarda boshlanishi uchun hamma narsani qilamiz. Ushbu muddat tugashiga atigi 26 kun qoldi», — deya ta’kidladi JSST Bosh direktori. Uning ta’kidlashicha, barcha mamlakatlar aholisi emlanmasa, global pandemiya tugamaydi.

Bundan avval, Daniya, Norvegiya va Islandiya kabi mamlakatlar ehtiyotkorlik chorasi sifatida AstraZeneca vaksinasidan foydalanishni vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ygan edi. Avstriya, Italiya, Estoniya, Latviya, Litva va Lyuksemburg kabi mamlakatlar esa faqat bir partiya ichidagi vaksinalardan foydalanishni to‘xtatgandi.

YUNISEF taqdim etgan jadvalga ko‘ra, O‘zbekiston 2 mln 640 ming doza AstraZeneca/Oxford vaksinasini olishi rejalashtirilgani haqida xabar bergan edik.