Yevropa va Markaziy Osiyoda tenglik va inson huquqlari tashkilot hisoblanmish «ILGA Europe» hamda bir qancha boshqa tashkilotlar O‘zbekiston prezidenti va Hukumatiga mamlakat qonunchiligidan besoqolbozlik (erkak bilan erkakning jinsiy aloqa qilishi)ni ta’qiqlovchi normani chiqarib tashlash to‘g‘risida murojaat yo‘llagan edi.

Mazkur taklif yuzasidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayev o‘z munosabatini bildirdi. Uning fikricha, «demokratiya yo‘lida inson tabiatiga mos bo‘lmagan harakatlarni qo‘llab quvvatlashdan bo‘lak har narsaga chidash mumkin».

«Lekin erkak bilan erkakning o‘zaro er va xotin sifatida turmush kechirib, munosabat qilishlarini hech qachon qabul qila olmayman. Va toki tirik ekanmiz O‘zbekistonda bunday bema’ni harakatga qonunan ruxsat berilmasligiga ishonaman», — dedi deputat.

«Rasul Kusherbayev bu holatni mamlakat taraqqiyoti va millat genofondi uchun fojia», deya qayd etgan.

«To‘g‘risi qaysi bosh bilan (agar bo‘lsa albatta) o‘ylashayotganini bilmadim-u, biroq mamlakat taraqqiyoti va millat genofondi uchun bu qanday fojia ekanligini taklif berayotgan „bir jinschi“ tashkilotlar anglashayotganmikan o‘zi. To‘g‘risi buni tasavvur qilishning o‘zi daxshat», deb yozadi u.

«Odamlar uchun foydasi tegadigan, kelajak avlod farovonligi uchun xizmat qiladigan takliflar tiqilib yotganda bularning so‘rayotgan narsasi hech bir qolipga sig‘maydigan ish. Agar bu inson huquqlariga zid, deyishsa tupurdim bunday huquqiga», — dedi quyi palata deputati.

Kusherbayevning fikricha, millat, xalqqa do‘st odam, yakuni avlodlarning jismonan yo‘q bo‘lishi bilan tugaydigan bunday mantiqsiz, aksiltabiiy taklif bilan chiqmaydi. «Demak ularning bizga asli kim ekani va maqsadi nima ekanligini tushunib olavering», — deya qo‘shimcha qilgan deputat.