Asaka tumanida hokimlik zaxirasidagi yerni sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olindi. Mazkur holat Bosh prokuratura huzuridagi departament va DXXning Andijon viloyati boshqarmalari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, fuqaro X.T. fuqaro U.ni muqaddam o‘zi rahbarlik qilgan Asaka tumanidagi fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan, hozirgi kunda tuman hokimligi zaxirasiga olingan yer maydonining 50 sotixini tanishlari orqali issiqxona qurish va sholichilik uchun ajratib bera olishiga ishontirgan.

Buning evaziga 10 ming AQSH dollari so‘ragan va oldindan 5 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ushbu holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirgi vaqtda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.