15 martdan O‘zbekistonga havo, temir yo‘l transporti hamda chegara punktlari orqali tashrif buyurayotgan barcha shaxslardan o‘z hisobidan aeroport, temir yo‘l vokzali yoxud chegara punkti hududida koronavirus infeksiyasiga antigen ekspress test olish tartibi bekor qilinadi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika maxsus komissiyasining 13 martdagi qaroriga asoslanib xabar berdi.

Endilikda yangi tartib bo‘yicha:

havo va temir yo‘l qatnovlari orqali tashrif buyurayotgan shaxslar O‘zbekistonga kelish uchun havo yoki temir yo‘l qatnoviga ro‘yxatdan o‘tishdan oldin so‘nggi 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga faqat PZR orqali tekshirilib, manfiy ko‘rsatkichga ega deb topilgan ma’lumotnomani taqdim etishi talab etiladi;

avtoyo‘l chegara o‘tkazish punktlari orqali O‘zbekistonga kirib kelayotgan shaxslar tomonidan so‘nggi 72 soatdan ko‘p bo‘lmagan muddatda koronavirus infeksiyasiga PZR orqali tekshirilib, manfiy ko‘rsatkichga ega deb topilgan ma’lumotnomani taqdim etilganda yoki PZR natijasi bo‘lmagan hollarda chegara o‘tkazish punktlarida faoliyat yuritadigan maxsus klinika yoki laboratoriyalarda koronavirus infeksiyasi antigenini ekspress test tekshiruvi orqali manfiy natija qayd etilgan taqdirda O‘zbekiston hududiga kiritiladi.

Bunda koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlari natijalari ingliz yoki rus tillarida bo‘lishi talab etiladi.

Shu bilan birga, chet elda sifatli hamda ishonchli koronavirus infeksiyasiga PZR tekshiruvlarini o‘tkazuvchi laboratoriyalar — ya’ni O‘zbekistonda tan olinadigan laboratoriyalar ro‘yxatini (har bir mamlakat kesimida kamida 10 tadan) shakllantiriladi va e’lon qilinadi.

Mas’ul vazirlik va idoralarga O‘zbekiston hududida koronavirus bilan bog‘liq mamlakatga kirish bo‘yicha cheklovlar bekor qilingani, yangi avia va temir yo‘l qatnovlari tashkil etilayotgani to‘g‘risida o‘z rasmiy veb-sahifalarida hamda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari orqali xorijiy hamkorlar, investorlar va turoperatorlarga ma’lum qilish bo‘yicha topshiriq berildi.