Qirg‘iziston O‘zbekistonda joylashgan anklav hudud — So‘x yo‘lini ochishga, O‘zbekiston esa Unkar-Tooni berishga tayyor. Bu haqda Qirg‘iziston prezidentining matbuot kotibi Galina Bayterek Sadir Japarovning Toshkent shahriga tashrifi yakunlari haqida e’lon qilingan xabarda ma’lum qildi (biroz vaqt o‘tgach xabar Qirg‘iziston prezidenti saytidan olib tashlandi, biroq xabar AKIpress axborot agentligi tomonidan to‘liq e’lon qilindi).

O‘zbekiston-Qirg‘iziston davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha har ikki tomon ham ushbu ishlarni keyingi uch oy ichida yakunlash kerakligi to‘g‘risida kelishib olishdi. Davlat chegarasini qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish chegara hududlarda barqarorlikni mustahkamlashga, ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga imkon beradi, deya ta’kidladi u.

Galina Bayterekning ma’lum qilishicha, yaqin orada davlat chegarasidagi 7 ta nazorat punktlari faoliyati tiklanadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston yuk tashish masalasini hal qilishga va agar kerak bo‘lsa, punktlarni hujjatlarni skanerlash uchun tegishli uskunalar bilan ta’minlashga va’da bergan.

«Qirg‘iziston tomoni Qirg‘iziston hududida joylashgan O‘zbekistonning So‘x anklaviga transport va havo aloqasini ochishga tayyor. Anklav aholisi davlat chegarasi orqali bemalol o‘tishlari mumkin. O‘z navbatida, O‘zbekiston Qirg‘izistonga shu vaqtgacha chegara hududi aholisi o‘rtasida nizo va siyosiy ziddiyat bo‘lib kelgan Unkar-Too hududini berishga tayyor», — dedi matbuot kotibi.

Davlat chegaralarini delimitatsiya qilish bilan bog‘liq qolgan bahsli masalalarni maxsus komissiya hal qiladi, deyiladi xabarda.

Avvalroq «Gazeta.uz» Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov va Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyatidagi muxtor vakili Omurbek Suvanaliyevning bergan xabarlariga asoslangan holda viloyatlarning chegara hududida o‘tish punktlari ochilishi haqida ma’lum qilgan edi. Avvaliga, chegara post xizmati piyodalar uchun, uch oy ichida esa — avtomobillar uchun ochiladi.

Shuningdek, prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston va Kirg‘iziston davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalalarini uch oy ichida hal etish belgilanmoqda, deya ta’kidlagan edi. Prezident «odamlar kutayotgan ba’zi masalalar tez orada, byurokratiyasiz va aniq hal qilinishi» haqida ma’lum qilgandi.