Avvalroq, 13 mart — shanba kuni umumxalq hashari bo‘lib o‘tishi haqida xabar bergan edik.

Xayriya hasharini o‘tkazish bo‘yicha ishchi guruh rahbari, bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Ochilbay Ramatov fuqarolarni majburiy tartibda hasharga jalb qilish qat’iyan taqiqlanganini ma’lum qildi. Bu haqda ishchi guruhda xabar qilishdi.

Ushbu talab buzilgan hollarda, ya’ni, ish beruvchilar tomonidan xodimlarni hasharga ma’muriy majburlash faktlari aniqlangudek bo‘lsa, mansabdor shaxslar jarimaga tortiladi.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik yuzasidan puxta monitoring o‘tkazish topshirig‘i berildi. Huquqbuzarlik holatlari haqida vazirlikning ishonch raqamlariga xabar qilish mumkin: 71−200−06−00 va 1176.

Xayriya hasharini o‘tkazishda mahallalar, aholi punktlari, ko‘p qavatli binolar va hovlilar atrofi, guzarlar, xiyobonlar, ziyoratgohlar, qabristonlarni hamda bolalar maydonchalarini tartibga keltiriladi.

«Mahallamga 30 tup daraxt mening tuhfam» shiori ostida barcha turar joy mavzelari va mahallalarda gul ko‘chatlari, mevali va manzarali daraxtlar ekish, daraxtlarni oqlash va butash ishlari amalga oshiriladi.

Umumxalq hashari doirasida bo‘lmagan boshqa turdagi jamoat ishlari, jumladan, qurilish-ta’mirlash va qishloq xo‘jaligi ishlariga majburiy jalb etishga qat’iy yo‘l qo‘yilmaydi.

Avtomobil yo‘llari, harakatlanish tig‘iz bo‘lgan ko‘chalar, suv ob’ektlari, qirg‘oqbo‘yi hududlar va zonalar, qurilish maydonlari, bino va inshootlar tomlari, xavfli ishlab chiqarish ob’ektlari, shuningdek, insonlarning hayoti yoki sog‘lig‘iga xavf tug‘ilishi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan boshqa joylarda ixtiyoriy tashabbus bilan hasharlar va boshqa ishlarni o‘tkazish taqiqlangani qatiy nazoratga olinadi.