Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi mamlakatga kiruvchilar uchun qog‘oz so‘rovnomasini bekor qildi, 15 martdan boshlab yo‘lovchilar jo‘nashidan oldin elektron anketani to‘ldirishlari kerak bo‘ladi. Bu haqda Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib Royal Flight matbuot xizmati xabar berdi.

«15 martdan boshlab Turkiyaga kirish qoidalari o‘zgaradi. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligi Turkiyaga olib boriladigan barcha reyslarda (tranzit reyslar bundan mustasno) qog‘ozli ko‘rinishdagi COVID-19 so‘rovnomasini to‘ldirish talabini bekor qilmoqda. Buning o‘rniga yo‘lovchilar Turkiyaga kelishidan 72 soat oldin vazirlik sahifasida anketani to‘ldirishlari kerak», deyiladi kompaniya bayonotida.

Royal Flight’ning ta’kidlashicha, anketani to‘ldirgandan so‘ng, uni bosib chiqarish yoki smartfon, planshet va boshqa qurilmalarga yuklab olish kerak bo‘ladi. Yo‘lovchilar bosilgan yoki yuklab olingan ariza shaklini jo‘nash aeroportida aviakompaniya xodimiga taqdim etishlari shart.

Foto: Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligi (So‘rovnoma shakli)

Ushbu tadbir Turkiyada bo‘lgan chet elliklarning sog‘lig‘ini himoya qilish va koronavirus haqida so‘nggi ma’lumotlarni taqdim etish uchun joriy etilgan. So‘rovnomada mamlakatga kirib kelayotganning pasport va aloqa ma’lumotlari, millati, jinsi va kirib kelish turinining (dengiz, havo va boshqalar) ko‘rsatilishi kerak.

«To‘ldirilgan ma’lumotlarga asoslanib, shaxsiy HES kodi avtomatik ravishda yaratiladi, buning natijasida siz yoki sizning sayohatingizda bo‘lgan odamlar orasida COVID-19 ga chalingan bemorlar yoki ular bilan aloqada bo‘lgan yo‘lovchilar bo‘lgan bo‘lsa, siz bilan bog‘lanishadi», — deyiladi portaldagi xabarda.

Shuningdek, noto‘g‘ri ma’lumot berganlik uchun sayyohlarga Turkiyaga kirishni vaqtincha taqiqlashgacha ma’muriy jazo choralari qo‘llanilishi mumkin (bu mamlakat fuqarolariga va yashash guvohnomasi bilan kirganlarga taalluqli emas).