Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona va Namangan viloyatlariga tashriflari davomida rejalashtirilmagan tarzda mahallarlarga borib, bevosita aholi bilan muloqot qilgan edi. Unda aniqlangan muammolar yuzasidan ba’zi rahbarlari ishdan olingan bo‘lsa, ayrimlariga sinov muddati berildi.

Oliy Majlis Senatining 13 yalpi majlisida senat raisi bu muammolar yig‘ilib qolishi va hal etilmasligida deputatlar va senatorlar sustkashlikka yo‘l qo‘yganiga urg‘u berdi.

«Savol tug‘iladi, hududlardagi bunday muammolarni nahotki joylardagi xalq vakillari — deputatlar va senatorlar ko‘rmayapti. Axir ular ham o‘sha hududda, o‘sha mahallada yashaydilar. Odamlar ularga ishonch bildirib qo‘yibdi. Qonun vakolat, davlat minbar berib qo‘yibdi. Qani jonkuyarlik, qani faollik?», — dedi Senat raisi.

U shuningdek, doimiy asosda ishlovchi senatorlar hududlarga biriktirib qo‘yilganini aytib, ularni ham tanqid qildi.

«Ular qayerga qarayapti? Nahotki, hududdagi hamkasblar, faollar bilan doimiy muloqot o‘rnatib, muammolarni ko‘tarib chiqish qiyin. Toki, hududlardagi muammolarni hal qilish kundalik ishimizga aylanmas ekan, odamlarning e’tirozlari ko‘payaveradi», — dedi Narbayeva.

Yuqori palata vakilasi ta’kidlashicha, «mazkur yo‘nalishda bir kun ham zoye ketishi mumkin emas».

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona shahridagi «Shodiyona» mahallasiga kutilmaganda tashrif buyurganda, bino va yo‘llarning nosozligini qattiq tanqid qildi. «Bu yo‘llar sharmandalik emasmi?», degan edi.

Davlat rahbari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida Namangan shahri hokimi va prokurorini «Bunyodkor» mahallasining holati uchun tanqid qilgan edi. «Bu sizning yuzingiz», — dedi u, IIB tayanch punktining oqlanmagan devorlarini ko‘rsatib.