Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston va Qirg‘iziston prezidentlarining kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralari bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Biz o‘zbek-qirg‘iz munosabatlarini ochiq, konstruktiv va o‘zaro ishonch bilan muhokama qildik, — dedi O‘zbekiston prezidenti. — Qardosh xalqlarimizni do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik rishtalari bog‘lab turibdi. Biz Qirg‘iziston bilan juda jiddiy va keng ko‘lamli hamkorlik qilishga bel bog‘laganmiz».

Prezidentlar ikki mamlakat o‘rtasidagi strategik sheriklik munosabatlarini teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik asosida mustahkamlab borish, avval qabul qilingan hujjatlarni amalga oshirish yo‘lida qat’iy ekanini tasdiqladi, deb yozadi davlat rahbari matbuot xizmati. Barcha sohalardagi hamkorlikni izchil kengaytirish uchun oliy va yuqori darajadagi siyosiy muloqotni muntazam davom ettirishga kelishib olindi.

«Xalqlarimiz bugundanoq bugungi muzokaralar va tashrif natijalarini his qilishlari lozim. Biz har oy bosh vazir o‘rinbosarlarining kelishuvlarimiz bo‘yicha kim nima qilgani va nima qilmagani bo‘yicha hisobot berishiga kelishib oldik… Xalqlarimiz biz muzokaralardan ishga o‘tganimizni his qilishlari kerak», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident ikki mamlakat hukumatlari oldiga qo‘yiladigan asosiy ustuvor masalalar va maqsadli vazifalarni sanab o‘tdi. Birinchi navbatda, bu saydo aylanmasi hajmini ikki baravarga oshirish (hozirgi 900 mln dollardan) hamda O‘zbekiston va Qirg‘izistonning yirik korxonalari o‘rtasidagi kooperatsiyalarni kuchaytirish, bu yo‘ldagi to‘siqlarni bartaraf etishdan iborat. Jumladan, Qirg‘izistonda yengil avtomobillar, qishloq xo‘jaligi va maishiy texnikalarni yig‘ish, shuningdek, chegaradosh hududlarda to‘qimachilik mahsulotlari va qurilish materiallarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni tashkil etishda sanoat kooperatsiyalarini joriy etish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, prezidentning so‘zlariga ko‘ra, har ikki davlatning tranzit salohiyatini oshirish va undan samarali foydalanish zarur.

«Bugun transport vazirlari ikki savolga javob berishlari kerak: O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li loyihasi loyihasini qanday qilib tezlashtirish hamda qanday qilib Toshkent-Andijon-O‘sh-Irkeshtam-Qoshg‘ar avtomobil yo‘li orqali yuk tashish hajmini oshirish va uning yil davomida uzluksiz ishlashini ta’minlash mumkin? Ikki davlat shaharlari o‘rtasida avtobus, temir yo‘l va havo qatnovlarini qayta tiklash yuk, yo‘lovchi va sayyohlar oqimini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi, deya ta’kidladi davlat rahbari.

Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev prezidentlar suvdan foydalanish va energetika sohasidagi hamkorlikni muhokama qilganini ma’lum qildi. «Tajriba shuni ko‘rsatadiki, bu yerda barchamiz uchun manfaatli yechimlarni topish mumkin va zarur. Asosiysi, doimiy muloqot lozim. Biz hamkorlikdagi ishlar onlayn tarzda tashkil qilinishiga kelishib oldik».

Prezident matbuot xizmatining xabarida O‘zbekiston Qirzizistondagi gidroenergetika loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etishga tayyorligini bildirgani qayd etildi.

Muzokaralarda mintaqalararo hamkorlikni faollashtirish, chegaraoldi hududlarni har tomonlama rivojlantirish va nazorat punktlarida aholi uchun qulay sharoitlar yaratish zarurligi ta’kidlandi. Ushbu kelishuvlarni amalga oshirish tashrif arafasida bir tomondan Andijon, Namangan, Farg‘ona viloyatlari, boshqa tomondan O‘sh, Jalolobod, Botken va Norin viloyatlari o‘rtasida kelishilgan «yo‘l xaritalari» doirasida amalga oshiriladi.

Shavkat Mirziyoyev so‘zini yakunlar ekan, o‘zbek tomonining ikki xalq farovonligiga qaratilgan jadal hamkorlikdagi faoliyatga shay ekanligini ta’kidladi.

Prezident Sadir Japarov Qirg‘iziston uchun O‘zbekiston bilan do‘stona aloqalarni rivojlantirish mamlakat tashkil siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolishini ma’lum qildi.

«2017 yilda erishilgan o‘zbek-qirg‘iz davlat chegaralari delimitatsiyasida chegaralarning 85 foizga yaqini tavsiflab chiqilganidagi o‘sishni mamnuniyat bilan qayd etishni xohlardim, — deya ta’kidladi Qirg‘iziston prezidenti. — Muzokaralar jarayonini davom ettirish va erishilgan sur’atni pasaytirmaslik zarur deb hisoblayman. Ikki davlatning davlat chegarasini huquqiy ro‘yxatdan o‘tkazishning yakunlanishi do‘stona munosabatlarimizga yangi turtki beradi va chegara hududlaridagi barqarorlikni mustahkamlaydi. Sizni ishontirib aytmoqchimanki, Qirg‘iziston tomoni barcha muammoli masalalar bo‘yicha konstruktiv va samarali muloqotga tayyor. Ishonchim komilki, birgalikda chegara masalalarini o‘zaro manfaatli yechimiga erishamiz

Sadir Japarov 2017 yildagi davlat chegarasi to‘g‘risidagi bitimga kiritilgan uchastkalarda muhandislik ishlarini olib borishda ziddiyatli vaziyatlarning oldini olish muhim ahamiyatga egaligi, buning uchun chegara idoralari, mahalliy hokimiyat organlarining o‘zaro aloqalarini kuchaytirish hamda aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini o‘tkazishning muhimligini qayd etdi.

Qirg‘iziston prezidenti suv va energetika masalasida ham so‘zladi.

«Norin daryosi havzasida kam suvli davrning boshlanishi munosabati bilan To‘xtog‘ul suv omboriga suv resurslarining yetarli darajada to‘planmay qolish xavfi mavjud. Suvni to‘plash uchun hozirgi bosqichda Qirg‘iziston uchun birinchi navbatda elektr energiyasini import qilish muhim ahamiyatga ega. Umid qilamanki, bizning energetiklarimiz o‘rtasidagi kelishuvlar To‘xtog‘ul suv omborining uzluksiz ishlashini va vegetatsiya mavsumida O‘zbekistonga suv berilishini ta’minlaydi», — dedi Sadir Japarov.

U yuqoridagi davlatlar vegetatsiya davrida quyida joylashgan davlatlarning sug‘orish ehtiyojlari uchun suv resurslarini to‘plashga imkon va rag‘bat bo‘lishi uchun istiqbolda mintaqada suvdan foydalanishning tejamkor mexanizmlarini joriy qilish kerakligini ta’kidlab o‘tdi.

Sadir Japarov 1998 yil 17 martda Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasida imzolangan To‘xtog‘ul suv ombori resurslarini tartibga solishning kompensatsion mexanizmlarini yaratishni nazarda tutuvchi Sirdaryo daryosi havzasining suv va energetik resurslaridan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomani yangilashni taklif qildi. «Umid qilamanki, bu masalada bir-birimizni tushunamiz», — dedi prezident.

Qirg‘iziston rahbari mamlakat savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish va chuqurlashtirishga alohida ahamiyat berishini ta’kidladi va o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard dollargacha oshirish maqsadida tovar va xizmatlarning ikki mamlakat bozorlariga kirishi uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha birgalikda ishlashga tayyorligini bildirdi. Prezident, shuningdek, O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li qurilishi bo‘yicha muzokaralar jarayonini davom ettirish muhimligini ta’kidladi.

Koronavirus tarqalishi munosabati bilan 2020 yilda Qirg‘izistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining uchinchi maslahat uchrashuvini o‘tkazish imkoni bo‘lmadi. «Shu munosabat bilan qirg‘iz tomoni joriy yilda Qirg‘izistonda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining sammitini tashkil etishni rejalashtirmoqda. Hurmatli Shavkat Miromonovich, ushbu uchrashuvda sizning shaxsan ishtirok etishingizga umid qilaman», — dedi Sadir Japarov.

Qirg‘iziston prezidenti koronavirus pandemiyasi paytida O‘zbekiston tomonidan ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami uchun minnatdorlik bildirdi.

Yakunda, Sodir Japarov Shavkat Mirziyoyevni javob tashrifi bilan Qirg‘izistonga taklif qildi.