Toshkent viloyatining Toshkent va Yangiyo‘l tumanlarida 5 000 dona «Geparin» hamda 8 000 dona «HepaCare» dori vositalarini noqonuniy tartibda sotayotgan shaxslar ushlandi. Bu Bosh prokuratura huzuridagi departament va DBQning Toshkent viloyati boshqarmalari birgalikda o‘tkazgan tezkor tadbirlarda aniqlangan.

Toshkent tumanidagi holatda fuqaro X.N. 5 000 dona «Geparin»ni dorixona va uning filiallaridan tashqarida xaridorga 20 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi holat Yangiyo‘l tumanida ham kuzatilgan. Fuqaro I.I. 8 000 dona «HepaCare» nomi ostidagi dori vositasini 148,8 mln so‘mga sotayotganida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Ikkala holat bo‘yicha X.N. va I.I.larga nisbatan Jinoyat kodeksining 186−3-moddasi (dori vositalarini dorixonalardan va ularning filiallaridan tashqarida realizasiya qilish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atildi.

Ayni payt tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.