Senatning navbatdagi yalpi majlisida ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov 2020-yilni sarhisob qila turib, jinoyatlar statistikasiga ham to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanishicha, 2020-yilda ichki ishlar xodimlari 134 ta jinoyat sodir etgan. Shundan 27 tasi o‘lim bilan bog‘liq holatlardir.

Qolgan 107 ta holatda mansab vakolatidan chetga chiqish, dalillarni soxtalashtirish, poraxo‘rlik, firibgarlik kabi holatlar aniqlangan. Ularga ozodlikdan mahrum qilishgacha bo‘lgan jazolar berilgan.

Bundan tashqari, 2020-yilda 100 ming aholiga nisbatan o‘rtacha 182,4 tadan jinoyat to‘g‘ri kelgani, 2017-yilda esa bu ko‘rsatkich 229 ta bo‘lgani qayd etildi.

Vazirning aytishicha, o‘tgan yili jami 62 ming 81 ta jinoyatni 49 246 nafar shaxs sodir etgan. Ushbu jinoyatlardan 4 582 tasi hanuz fosh etilmagan.