Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning O‘zbekistonga davlat tashrifi arafasida Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev AKIpress’ga intervyu berib, ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar haqida gapirdi.

Qirg‘iziston tashqi ishlar vazirligi rahbarining ta’kidlashicha, O‘zbekiston bilan do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik aloqalarini jadal rivojlantirish Qirg‘iziston uchun «tashqi siyosatning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri» bo‘lib qolmoqda.

«Biz O‘zbekistonning mintaqadagi qo‘shnilar bilan yaqinlashishga qaratilgan strategiyasini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va mamnuniyat bilan qabul qilamiz. O‘zaro aloqalarimiz faollashgani tufayli so‘nggi yillarda biz muammoli masalalarni hal qilishda katta yutuqlarga erishdik, — dedi Ruslan Kazakbayev.

Uning ta’kidlashicha, bugungi kunda ikki mamlakat o‘rtasida «biz gapira olmaydigan yopiq mavzular yo‘q» va «biz kelisha olmaydigan muammolar yo‘q».

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston va Qirg‘iziston savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy sohalarda «foydalanilmagan ulkan salohiyatga» ega va bu yo‘nalishda «ishlarni har tomonlama faollashtirish» zarur.

Tashqi ishlar vazirining qo‘shimcha qilishicha, COVID-19 pandemiyasi sabab bo‘lgan global ijtimoiy-iqtisodiy inqiroz «ikki tomonlama va mintaqaviy darajalarda yaqinroq xalqaro muvofiqlashtirish va o‘zaro ta’sir o‘tkazish uchun dolzarb ehtiyojni» ochib berdi.

«Ayni paytda bizning davlatlarimiz oldida savdo-iqtisodiy aloqalarni va sanoat kooperatsiyasini jonlantirishning dastlabki maqsadlari turibdi. Va ushbu maqsadlarga erishishning eng samarali usuli bu o‘zaro savdoda to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona jarayonlarini soddalashtirish, ularni uyg‘unlashtirish va raqamlashtirish, elektron tijoratni rivojlantirish, shuningdek o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirishni nazarda tutuvchi qo‘shma dasturlarni amalga oshirishdir», — dedi Ruslan Kazakbayev.

Vazir suv-energetika resurslaridan kompleks va samarali foydalanishni Markaziy Osiyo mamlakatlari barqaror rivojlanishining asosiy omili deb atadi. «Bugungi kunda, afsuski, Markaziy Osiyo mintaqasida ushbu sohada o‘zaro manfaatli hamkorlik mavjud emas», deb tan oldi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘iziston mintaqada suvdan foydalanishning iqtisodiy mexanizmlarini ishlab chiqish va joriy etish kerak deb hisoblaydi. «Bu hududlaridan daryo kesib o‘tuvchi mamlakatlar suv mavjudligidan qat’i nazar, qo‘shni mamlakatlarda sug‘orish uchun suv resurslarini to‘plash imkoniyatining mavjud bo‘lishi hamda rag‘batlantirishi uchun, shu bilan birga suv kam bo‘lgan davrda va bir necha yil oldin hisobga olingan holda zarurdir», — deb tushuntirdi Ruslan Kazakbayev.

Vazirning qo‘shimcha qilishicha, Qirg‘iziston tomoni 1998 yildagi Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston hukumatlari o‘rtasidagi Norin-Sirdaryo daryo suv havzasining suv-energetika resurslaridan foydalanish bo‘yicha hamkorlikning qayta tiklanishini qo‘llab-quvvatlaydi. Unda suv va energetika resurslaridan foydalanishning kompensatsion mexanizmini ko‘zda tutilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Qirg‘izistonga elektr energiyasini import qilish bo‘yicha O‘zbekiston bilan muzokaralar olib borilmoqda. Ikki mamlakat vakolatli organlari suv va energetika sohasidagi o‘zaro bog‘liqlikni hisobga olgan holda «o‘zaro maqbul yechimlar» topishiga umid bildirdi.

«Umuman aytganda, bugungi kunda mamlakatlar o‘rtasida to‘siqlar yo‘q. Aksincha, O‘zbekiston ham, Qirg‘iziston ham suv va energetika sohasidagi hamkorlik bo‘yicha muzokaralarning muhimligi haqida umumiy tushunchaga ega. Menimcha, bu mintaqa barcha manfaatdor tomonlarning ehtiyojlari va manfaatlarini hisobga olgan holda suv-energetika masalalarida kelishuvga erishishi uchun juda yaxshi asosdir», — deya ta’kidladi Ruslan Kazakbayev.

Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, qirg‘iz tomoni Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston temir yo‘li qurilishiga alohida e’tibor berishini aytdi.

«Qirg‘iziston uchun berk mamlakatdan tranzit mamlakatga o‘tish juda muhimdir. Buning uchun butun mamlakat bo‘ylab tranzit va ichki temir yo‘l aloqalarini rivojlantirish zarur. Bu, menimcha, Qirg‘izistonning transport mustaqilligini mustahkamlash kafolati», — dedi vazir.

Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha bo‘yicha ishchi guruhlarning uch tomonlama ekspert uchrashuvlari muntazam ravishda o‘tkaziladi va hozirda tomonlar muzokara jarayonini davom ettirmoqdalar.

Bundan tashqari, Ruslan Qozoqboyev O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida davlat chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha olib borilayotgan muzokaralarga baho berib, jarayon «o‘zaro tushunish ruhida» o‘tayotganini va bugun yakunlanish bosqichida ekanligini ta’kidladi.

«Bizning mamlakatlarga davlat chegarasining juda qiyin, ayniqsa Farg‘ona vodiysining aholi zich joylashgan qismidagi uchastkalari meros bo‘lib o‘tgan. Bundan tashqari, biz asrlar davomida yonma-yon yashab kelmoqdamiz va SSSR davrida bizning mamlakatlarimiz o‘rtasida davlat chegarasi degan tushuncha deyarli bo‘lmagan», — dedi u.

«Bugun biz davlat chegarasining butun uzunligining atigi 6 foizini hal qilishimiz kerak. Qirg‘iziston O‘zbekiston bilan birgalikda qirg‘iz-o‘zbek davlat chegarasi chizig‘ini 2021 yil oxiriga qadar rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazishni maqsad qilib qo‘ygan», — deya xulosa qildi vazir.