O‘zbekiston va Qirg‘iziston ustav kapitali $50 mlnlik qo‘shma investitsiya jamg‘armasini tashkil etadi. Kelgusida uning ustav kapitalini 200 mln dollarga yetkazish ham rejada bor.

Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari, investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzakov va Qirg‘iziston bosh vaziri o‘rinbosari, moliya va iqtisodiyot vaziri Ulukbek Karmishakov aytib o‘tdi.

Bu borada 11 mart kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning rasmiy tashrifi doirasida o‘tkazilgan O‘zbek — Qirg‘iz biznes forumida bayonot berildi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Sardor Umurzakov.

Sardor Umurzakovning ta’kidlashicha, yangi tashkil etiladigan jamg‘arma "o‘zaro hamkorligimiz rivojlanishining katalizatoriga aylanadi". Investitsiya jamg‘armasi bir qator yangi qo‘shma loyihalarni, birinchi navbatda, sanoat kooperatsiyasi sohasidagi ishlarni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi, deya qo‘shimcha qildi. «Bu bugun biz foydalanishimiz kerak bo‘lgan o‘sish nuqtasidir», — deya qayd etdi bosh vazir o‘rinbosari.