Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi ijrochi direktori Inomjon Tog‘ayev Amerika Ovozi (VoA)ga bergan intervyusida elektr energiyasi va gaz ta’minoti sohalarida noreal qarzdorliklar mavjudligi, tizimdagi yo‘qotish va o‘g‘riliklar haqida o‘z fikrini bildirdi.

«Juda katta qarzdorlik nimadan yuzaga keladi? Elektr energiya yetkazib berilyapti, lekin yo‘qotishlar bor. Shu yo‘qotishlar juda katta. Bir tumanga elektr energiya yetkazib berishda alohida o‘zining hisoblagichi bor. U hisoblagich aholiga tarqalgandan keyin buni ta’minlab bergan tashkilot shuni hisoblaydi. Lekin aholiga taqsimlagandan so‘ng buni hisoblasak, deylik 100 kVt bo‘lsa, aholidan 50 kVt chiqadi. Yo‘qotilgan, o‘g‘irlangan, noqonuniy ulanishlar bo‘lgan. Bu jarayon yillar davomida tizimli bo‘lib kelgan», — dedi u.

Bu orqali tizimda yuzaga kelgan yo‘qotish va kamomadlar odamlarning gardaniga tushishi aytildi. Tog‘ayev tizimdagi muammolarning asosiy sababi — monopoliya ekanligini ta’kidlagan.

«Shunday noreal qarzdorliklar bo‘lganki, masalan, biror tumanning «Hududgazta’minot»dan qarzdorligi bor. Keyin ular kelib aholiga «sizni bir million qarzingiz bor» deb kiritib qo‘yishgan. Aholi esa buni tushunmasdan, to‘lab yuborgan. Bilsa hazil, bilmasa chin, prinsipida ishlangan. Bu holat juda ham ko‘p bo‘lgan. Bu narsa jamiyatni yediradi. Eng muhimi, elektr energiya — monopol tashkilot. Ularning kamchiligi aniqlansa unga mas’ullar o‘zlarining mutaxassislari bo‘ladi. Siz o‘z fikringizni isbotlab bersangiz ham «yo‘q, aslida, mana bunday», degan g‘oyani ilgari surishadi. Chunki boshqa muqobil tashkilot yo‘q», — dedi u.

Shuningdek, Tog‘ayev ASKUE tizimi haqida gapira turib, «bu onlayn so‘zi nomiga bor», deya ta’kidladi.

«Mana hozir Toshkentda onlayn ishlaydigan elektron hisoblagichlarga o‘tdik. Lekin bu onlayn so‘zi nomiga bor. Puli tugasa o‘chadi, biroq keyin pul to‘lasangiz yoqilmaydi. Yana inson faktori bo‘ladi. Chunki programma mexanizmi noto‘g‘ri qilingan. Kimdir rahbar bo‘lib kelgan, buni katta pulga sotib olgan. Ikkinchi rahbar kelib boshqa programma qilgan. Toshkent shaharni o‘zida uchta programma bilan ishlaydi. Va ular mutanosib bir-biriga», — dedi Inomjon Tog‘ayev.

«Aholi shundan norozi. „Nimaga men pul to‘lamasam, sen elektrni o‘chirar ekansan-u, pul to‘lasam, yoqmas ekansan“, deyishadi. Bu asabbuzarlik», — dedi federatsiya vakili.

Tog‘ayev «shu masalani hazm qila olmasligini», aytdi.