Adliya vazirligi «Ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarda shartnoma instituti rolini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida"gi prezident farmoni loyihasini muhokamaga qo‘ydi.

Adliya vazirligining ta’kidlashicha, shartnomaviy-huquqiy munosabatlarning rivojlanish darajasi zamonaviy talablarga javob bermaydi va ushbu sohaning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan bir qator omillar mavjud:

  • shartnoma intizomiga rioya etilmaslik, majburiyatlar bajarilmasligi, nohalol foyda olish maqsadini ko‘zlab qalbaki va nomigagina tuzilgan bitimlarning ko‘payish holatlari kuzatilmoqda;
  • qonun osti hujjatlari bilan Fuqarolik kodeksida mustahkamlangan qoidalarni amalga oshirishga cheklovlar o‘rnatilgan;
  • aholi orasida shartnomalar tuzish, shu jumladan axborot tizimlaridan foydalangan holda, va ulardan kelib chiqadigan majburiyatlarni bajarish madaniyati yetarli darajada shakllanmagan;
  • energiya ta’minoti va boshqa kommunal sohalarda tuzilgan shartnomalarda belgilangan shartnoma shartlari bo‘yicha majburiyatlar yetarli darajada bajarilmasdan kelinmoqda;
  • davlat xaridlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, ushbu sohadagi shartnomalarni tuzish va ularga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha alohida shartlar va talablar belgilanmagan;
  • shartnoma taraflarining xohishi bilan o‘rnatilishi lozim bo‘lgan shartnoma shartlari qonun osti hujjatlari bilan belgilab qo‘yilgan.

Hujjatga ko‘ra, fuqarolik-huquqiy tusdagi shartnomalarni tuzish, o‘zgartirish va bekor qilishda hamda majburiyatlarni bajarishda «Pacta sunt servanda» (shartnomalar bajarilishi shart) prinsipi qo‘llanilishi, shartnoma taraflari o‘zlariga olgan majburiyatlarni majburiyat shartlari va qonun hujjatlari talablariga muvofiq vijdonan lozim darajada bajarilishini ta’minlashlari zarur.

1 maydan boshlab quyidagi talablarning bekor qilinishi ko‘zda tutilmoqda:

  • tijorat banklarga yetkazib berilgan mahsulot yoki xizmatlar uchun to‘lovlarni uchinchi shaxslar hisobidan qabul qilishгa qo‘yilgan taqiq;
  • davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarning mahsulot yoki xizmatlarni yetkazib berish to‘g‘risida tuziladigan shartnomalarida oldindan 15 foiz to‘lovni belgilash;
  • qishloq xo‘jaligi va chorvachilik mahsulotlari yetishtiruvchilari va tayyorlov tashkilotlari o‘rtasida tuziladigan shartnomalarda majburiy ravishda avansni belgilash;
  • notariuslar tomonidan shartnomalarni tasdiqlashda kommunal xizmatlar bo‘yicha qarzdorlikning mavjudligi yoki yo‘qligi to‘g‘risida ma’lumot olish.

Shuningdek, so‘nggi punktda nazarda tutilgan oldindan to‘lov va avans taraflarning xohishi bilan shartnoma shartlarida belgilanishi mumkin.

Adliya vazirligi jismoniy shaxslarga qarz shartnomalarini notarial tasdiqlash orqali chet el valyutasida qarz berish va qaytarib olishga ruxsat berishni taklif qilmoqda.

Bundan tashqari, quyidagicha tartib o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan:

a) sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etishda mol-mulkni realizatsiya qilish bo‘yicha elektron onlayn-auksionda sotuvga qo‘yiladigan mol-mulk barcha qarzlardan va taqiqlardan holi bo‘lgan holda joylashtiriladi. Bunda auksionda sotilgan mol-mulk bo‘yicha qarzdorlikni to‘lash majburiyati uning sobiq egasi — qarzdor zimmasida qoladi va mol-mulk auksion g‘olibiga qarzlarsiz va taqiqlardan yechilgan holda topshiriladi.

Auksion g‘olibi tomonidan mulkni qabul qilib olmaslikning quyidagi hollarida zakalat puli auksion g‘olibi murojaat qilgan kundan boshlab 3 ish kuni ichida qaytarib berilishi shart, agar:

  • auksionda sotilgan mol-mulk lotning umumiy tavsiflariga mos kelmasa;
  • mol-mulk auksionda sotilgunga qadar uchinchi shaxslarning egaligiga o‘tib ketgan bo‘lsa va bu holat auksion yakunlanganidan so‘ng aniqlansa;
  • auksionda sotilgan mol-mulk boshqa majburiyatlar bo‘yicha garovga qo‘yilganligi aniqlansa;

b) tuzilgan birja bitimlari sotuvchi va xaridor tomonidan jarima to‘lab/to‘lamasdan o‘zaro rozi bo‘lgan holda yopilganda, birjaning hisob-kitob-kliring palatasi insofsiz raqobat va til biriktirish holatlari mavjudligi yuzasidan o‘rganish o‘tkazadi va ushbu holatlar aniqlangan taqdirda monopoliyaga qarshi kurashish organini darhol xabardor qiladi.

Tuzilgan birja bitimi bo‘yicha to‘lovlarni amalga oshirish, birja tovarini yetkazib berish yoki tanlab olish bo‘yicha majburiyatlar bajarilmaganda, birja bitimi birjaning hisob-kitob-kliring palatasi tomonidan, nizo yuzaga kelganda esa birjaning arbitraj komissiyasi yoki sud qaroriga ko‘ra bekor qilinadi.

Hujjatga ko‘ra, bank yoki boshqa kredit muassasasi bank hisobvarag‘idan pul mablag‘larini mijozning topshirig‘i asosida chiqarishni belgilash taklif qilinmoqda. Mijozning topshirig‘isiz hisobvaraqda turgan pul mablag‘larini chiqarishga faqat sudning qarori bilan yoki bank bilan mijoz o‘rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan hollarda yo‘l qo‘yiladi.

Mijozning topshirig‘isiz hisobvaraqdan pul mablag‘larini chiqarish asoslarining qat’iy ro‘yxati bank bilan mijoz o‘rtasida tuziladigan shartnomada nazarda tutilgan bo‘lishi shart.

O‘rnatilishi taklif qilinayotgan tartibga ko‘ra, mijozning hisobvarag‘idagi pul mablag‘lari unga qo‘yilgan barcha talablarni qondirish uchun yetarli bo‘lmagan taqdirda, pul mablag‘larini chiqarish birinchi navbatda ish haqi, aliment to‘lash, fuqaroning hayoti va salomatligiga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplash uchun, qolgan talablar bo‘yicha esa to‘lov (ijro) hujjatlari kelib tushgan navbat bo‘yicha amalga oshiriladi. Yuridik shaxs tugatilayotganda kreditorlarning talablarini qanoatlantirish qonunda belgilangan navbat tartibida amalga oshiriladi.

Barcha darajadagi ijro etuvchi hokimiyat organlari tomonidan fermer xo‘jaliklari va boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalariga faoliyat yuritish uchun berilgan yer uchastkalari maydonlarini maqbullashtirish bo‘yicha qarorlar qabul qilish amaliyotining bekor qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

Adliya vazirligi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi hamda Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda 2021 yilning 1 iyuniga qadar xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan shartnomalar tuzishda qo‘llash uchun tavsiyaviy xarakterga ega bo‘lgan korrupsiyaga qarshi qo‘shimcha shartlar ishlab chiqilishi belgilangan.

Joriy etilishi taklif qilinayotgan tartibga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati bilan investitsiya shartnomasi tuzilishidan oldin:

  • investitsiya shartnomasi loyihasi bo‘yicha Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining xulosasi olinadi;
  • investitsiya shartnomasi loyihasi yuzasidan moliyaviy-iqtisodiy baholash, qo‘shimcha kafolatlar va qo‘llab-quvvatlash choralari hamda huquqiy ekspertizadan o‘tkazish bo‘yicha davlat boshqaruvi organlarining ijobiy xulosalari mavjud bo‘lgandagina hukumatga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi.

Xujjatda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda muddati o‘tgan debitorlik va kreditorlik qarz, shuningdek shartnoma intizomini buzish uchun ma’muriy javobgarlikni bekor qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini ishlab chiqish taklif qilingan.

Loyiha muhokamasida 25 martga qadar ishtirok etish mumkin.