Xitoy Gonkong muxtoriyatini “bir mamlakat — ikki tizim” asosida saqlab qoladi

Xitoy markaziy rahbariyati Gonkong uchun yuqori darajadagi muxtoriyatni saqlab qolib, “bitta mamlakat — ikkita tizim” tamoyiliga amal qiladi. Bu haqda Xitoy Xalq Respublikasi Davlat Kengashi bosh vaziri Li Ketsyan 11 mart kuni aytib o‘tdi. “Biz Gonkong aholisi [maxsus huquqlarga ega bo‘ladigan] ushbu maxsus ma’muriy hududning yuqori darajadagi muxtoriyatidan foydalanadigan bitta mamlakat, ikkita tizim tamoyiliga qat’iy va to‘liq amal qilmoqchimiz”, dedi u matbuotda. Li Ketsyan Pekin “konstitutsiyaviy me’yorlarga qat’iy rioya qilish va Gonkong milliy xavfsizligini himoya qilish uchun qonunchilik mexanizmlaridan foydalanish” niyatida ekanligini ta’kidladi. “Ushbu maxsus ma’muriy hududning saylov tizimini isloh qilish to‘g‘risidagi BXVY (Butunxitoy xalq vakillarining yig‘ilishi) qaroriga kelsak, ushbu chora „bitta mamlakat — ikkita tizim“ tamoyilini himoya qilishga qaratilgan”, — dedi vazir. — TASS.

Pekin tomonidan ilgari surilgan saylov islohoti “Gonkong vatanparvarlar tomonidan boshqarilishini” ta’minlashga qaratilgan. Mazkur qaror o‘tgan yilning yozida bu yerda milliy xavfsizlikni himoya qilish to‘g‘risidagi qonun qabul qilingandan so‘ng, XXRning ushbu maxsus ma’muriy hududining boshqaruv tizimiga “Xitoyga qarshi elementlar"ning sizib kirmasligi uchun tirqishlarni yopishga mo‘ljallangan. Qabul qilingan qarorda Gongkongdagi saylovlar hay’atini shakllantirish uslubini takomillashtirish va uning a’zolari sonini 1200 kishidan 1500 kishiga ko‘paytirish to‘g‘risida gap ketmoqda. Endi ushbu organ Gonkong ma’muriyati rahbariga ovoz beribgina qolmay, balki Qonunchilik kengashi a’zolarining ko‘pchiligini saylashni ta’minlaydi, barcha nomzodlarni ko‘rsatish jarayonini nazorat qiladi. Shu bilan birga, deputatlik korpusi 70 kishidan 90 kishiga kengaytiriladi. Tegishli qonun loyihasini ishlab chiqish to‘g‘risidagi qaror 11 mart kuni 13-BXVY 4-sessiyasi delegatlari tomonidan ma’qullandi.

AQSHda iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 1,9 trln dollarlik dastur qabul qilindi

AQSH Vakillar palatasi Jo Bayden tomonidan taklif qilingan pandemiya sharoitida iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan 1,9 trillion dollarlik chora-tadbirlar paketini ma’qulladi. 220 kongressmen bu taklifga ovoz berdi, 211 kishi esa qarshi chiqdi. Hech bir respublikachi demokratlar tomonidan taklif qilingan chora-tadbirlar to‘plamini qo‘llab-quvvatlamagani ta’kidlandi. Hozirda hujjat Bayden tomonidan imzolanishi kerak. Ushbu qonun loyihasi Bayden AQSH prezidenti lavozimiga kirishganidan beri birinchi yirik qonun hujjati bo‘ladi. Taxminan 2 trln dollarlik yordam paketi milliy emlash dasturini yaratish, maktablar faoliyatini qayta tiklash, kichik biznesni qo‘llab-quvvatlash, haftalik federal ishsizlik ustamasini 300 dollarga oshirish va 3,6 ming dollar miqdorida bolali oilalarga nafaqa to‘lanishiga sarflanadi. Shuningdek, qo‘llab-quvvatlashga muhtoj bo‘lgan 1,4 ming amerikalikka to‘lovlar taqdim etiladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, amerikalik oilalarning qariyb 90 foiziga qandaydir yordam beriladi. Bayden “Amerikani qutqarish rejasini” 2021 yil 20 yanvarda e’lon qilgan edi. Ba’zi iqtisodchilar bunday choralarni o‘ta ambitsiyali va ularning qabul qilinishi iqtisodiyotning “qizib ketishiga” olib kelishi mumkin, deb o‘ylashmoqda. — Interfaks.

Lukashenko Belarus harbiylarini ichki tahdidlarga qarshi turishga tayyor bo‘lishga chaqirdi

Belarus Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari nafaqat tashqi tajovuzni qaytarishga, balki mamlakatni ichki tahdidlardan himoya qilishga ham tayyor bo‘lishi kerak. Respublika prezidenti Aleksandr Lukashenko 11 mart kuni kuch tuzilmalaridagi yangi tayinlovlarga izoh berar ekan, bu haqda ta’kidlab o‘tdi. “Men sizlarga ochiq aytmoqdaman: biz harbiylar, o‘z mamlakatimizni ichkaridan boshlab himoya qilishimiz kerak. Siz qo‘shinlarda o‘tirib, kimdir bizning chegaramizdan o‘tishini va o‘shanda biz qurol olib jang qilamiz, deb kutishingiz shart emas. Biz bu yerdan jang qilamiz. Siz bunga tayyor bo‘lishingiz kerak”, — deya Lukashenkaning so‘zlarini keltirgan BelTA axborot agentligi. Belarus rahbari dunyo o‘zgarganiga va bu armiyaga ham ta’sir qilganiga e’tibor qaratdi. “Urushlar bugungi kunda boshqa xarakterga ega bo‘lmoqda, hech kim bizga 1941 yildagidek guruh bo‘lib hujum qilmaydi”, — dedi u. “Ular ichkaridan putur yetkazadi”, deya qo‘shimcha qildi Lukashenko. — BelTA.

7 oydan beri mamlakatda 2020 yil 9 avgustda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovlari natijalariga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari davom etmoqda. 1994 yildan buyon ushbu lavozimni egallab kelgan Aleksandr Lukashenko saylovlarda g‘olib deb e’lon qilingan edi. Muxolifat saylov natijalarini soxtalashtirilgan deb hisoblaydi.

Afg‘onistonlik o‘quvchi qizlarga erkaklar oldida qo‘shiq kuylash taqiqlandi

Afg‘onistonda 12 yoshdan oshgan o‘quvchi qizlarga erkaklar huzurida qo‘shiq kuylash taqiqlandi. Ushbu qaror Afg‘oniston Ta’lim vazirligi tomonidan qabul qilingan. Qarorga binoan, bunday chiqishlar mamlakatning barcha viloyatlaridagi barcha davlat va xususiy maktablarida taqiqlanadi. Taqiqlashni amalga oshirish uchun javobgarlik maktab direktorlariga biriktirilgan. Istisno faqat ayollar auditoriyasi oldida qo‘shiq aytadigan holatlar uchun belgilanadi. Qaror ota-onalar va o‘quvchilarning o‘zlari taklifi bilan qabul qilindi. Ma’lum qilinishicha, endi erkak o‘qituvchilarga maktab qizlariga qo‘shiq aytishni o‘rgatish taqiqlangan. — Ariana News.

Daniyada tromboz holatlari tufayli AstraZeneca vaksinasining qo‘llanishi to‘xtatildi

Daniya sog‘liqni saqlash idoralari AstraZeneca vaksinasi bilan koronavirusga qarshi emlashni vaqtincha to‘xtatib turishga qaror qildi. Vaksinani olgan bir nechta bemorlarda qon quyqalari paydo bo‘lganidan keyin ushbu qaror ehtiyot chorasi sifatida qabul qilindi. Daniya sog‘liqni saqlash mutasaddilarining ta’kidlashicha, emlash va kasallik o‘rtasidagi bog‘liqlik hali aniqlanmagan. AZD1222 vaksinasi AstraZeneca farmatsevtika kompaniyasi mutaxassislari tomonidan Oksford universiteti olimlari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Bu vektorli vaksina hisoblanadi. Vektorli vaksinalarning ishlash prinsipi shundaki, ular tarkibida zaiflashgan zararsiz virus va koronavirus genining yangi turi mavjud. — Interfaks.

Barcha amerikaliklar emlanganda AQSH dunyo bilan vaksinalarni baham ko‘radi — Bayden

Agar koronavirusga qarshi emlash kampaniyasi paytida AQSHda vaksinalar ortib qolsa, mamlakat ularni boshqa davlatlar bilan baham ko‘rishga tayyor, dedi AQSH prezidenti Jo Bayden. “Agar bizda ortiqcha bo‘lsa, biz butun dunyo bilan bo‘lishamiz”, dedi Bayden Oq Uyda Johnson & Johnson kompaniyalari va Merck farmatsevtika kompaniyasi rahbarlari bilan uchrashuvda. Uning so‘zlariga ko‘ra, butun dunyo xavfsiz bo‘lmaguncha AQSH to‘liq xavfsiz bo‘lmaydi. “Shunday qilib, biz avval amerikaliklarga g‘amxo‘rlik qilishdan boshlaymiz, keyin esa dunyoga yordam berishga harakat qilamiz”. — Oq uy veb-sahifasi.