Markaziy bank Boshqaruvining oraliq yig‘ilishida asosiy stavkani yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

«Ushbu qaror 2021 yil yakunida inflyatsiyaning oraliq maqsadli ko‘rsatkichi — yillik 10 foizdan past darajasiga erishish va iqtisodiy faollikning barqaror tiklanishi uchun yetarli sharoit yaratish, shuningdek, inflyatsion kutilmalarni pasaytirishga qaratilgan pul-kredit siyosatining joriy yo‘nalishini davom ettirish maqsadida qabul qilindi», — deyiladi Markaziy bank matbuot xizmati xabarida.

Eslatib o‘tamiz, 21 yanvardagi Markaziy bank Boshqaruvi yig‘ilishida ham asosiy stavka o‘zgarishsiz qoldirilgan edi.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar

2021 yil yanvar-fevral oylarida yillik inflyatsiya darajasi mavsumiy omillar va oziq-ovqat narxlarining o‘sishi ta’sirida biroz tezlashdi va mos ravishda 11,6 va 11,4 foizni tashkil etdi.

Oziq-ovqat narxlarining o‘sishi umumiy inflyatsiyaga sezilarli oshiruvchi ta’sir ko‘rsatishda davom etmoqda. Xususan, ushbu guruh bo‘yicha narxlar yillik hisobda o‘rtacha 14,6 foizga oshdi va umumiy inflyatsiyaga oshiruvchi ta’siri 6,2 foiz bandni tashkil etdi.

Joriy yil yanvar-fevral oylarida oziq-ovqat mahsulotlaridan shakar, o‘simlik yog‘i, tovuq go‘shti va meva-sabzavotlar narxlarining o‘sishi umumiy inflyatsiyaga salmoqli hissa qo‘shdi. Xususan, shakar narxi 3,7 foizga, o‘simlik yog‘i — 3 foizga, tovuq go‘shti — 5,7 foizga, meva va yong‘oqlar — 5 foizga, sabzavot va dukkakli mahsulotlar — 3,2 foizga o‘sdi.

Umuman olganda, tashqi sektordagi o‘zgarishlar va oziq-ovqat mahsulotlarining jahon bozorlaridagi narxlarining deyarli bir yildan beri davom etayotgan o‘sishi qisqa muddatli istiqbolda inflyatsiyaga oshiruvchi bosimni yuzaga keltirishi mumkin.

Shu bilan birga, 2021 yilning dastlabki oylarida nooziq-ovqat tovarlari va xizmatlar narxlari o‘sish sur’atlarining ham biroz tezlashishi qayd etildi. Ushbu guruhdagi tovar va xizmatlar narxlari o‘sishi, asosan, hududlarda yil boshida sovuq suv tariflarining bozor narxlariga to‘g‘irlanishi, tamaki va alkogol mahsulotlariga nisbatan aksiz solig‘ining indeksatsiya qilinishi, shuningdek, benzin narxining o‘sishi kabi omillar bilan izohlanadi.

Yil boshidan buyon aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining inflyatsion kutilmalari mos ravishda 16,3 foiz va 17 foizgacha pasaygan bo‘lsa ham, inflyatsiyaning amaldagi hamda prognoz ko‘rsatkichlaridan yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

So‘nggi so‘rov natijalariga ko‘ra, respondentlar oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari, kommunal xizmatlar va benzin narxlarida sezilarli oshish kuzatilganligini qayd etgan bo‘lsa, tadbirkorlik sub’ektlari mahsulotlar tannarxi oshishining asosiy omillari sifatida xomashyo, transport va kommunal xizmatlar narxlarining o‘sishini ta’kidlagan.

Iqtisodiy faollik

Joriy yilning yanvar-fevral oylarida aksariyat tarmoq ko‘rsatkichlarida ijobiy o‘sish tendensiyalari kuzatilgan bo‘lsada, 2020 yilning mos davri darajasigacha yetib bormadi.

Respublika hududlaridagi korxonalar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlar, joriy yilning fevral oyida iqtisodiy faollik yanvar oyidagi mavsumiy omillar ta’sirida pasayishidan so‘ng biroz tiklanganligini ko‘rsatmoqda. Lekin, fevral oyidagi iqtisodiy faollik indeksi o‘tgan yil dekabr oyidagi ko‘rsatkichdan pastroq darajada shakllandi.

Faollikning yanvar oyidagi mavsumiy pasayishi, asosan, qurilish, sanoat va savdo sohalarida kuzatildi. Fevral oyida esa savdo va xizmat ko‘rsatish sohalarida faollik biroz yaxshilanganligi qayd etildi. Bu ma’lum muddatdan so‘ng sanoat sohasida ham faollikning tiklanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, ishbilarmonlik kayfiyati indeksida o‘sish kuzatilib, barcha tarmoqlarda korxonalarning kelgusi 3 oy bo‘yicha iqtisodiy kutilmalari yaxshilandi.

Bundan tashqari, fevral oyida iqtisodiy faollikning tezkor ko‘rsatkichlarida ijobiy tendensiyalar kuzatildi.

Moliyaviy resurslarga, xususan, kredit va xorijiy valyutaga bo‘lgan talab ham bosqichma-bosqich tiklanib bormoqda. Joriy yil yanvar-fevral oylarida tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar hajmi 18,8 trln so‘mni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan (18,7 trln so‘m) biroz oshdi.

Mazkur davrda xo‘jalik sub’ektlari tomonidan ichki valyuta bozoridan tovar va xizmatlar importi uchun xorijiy valyuta xaridi 1,72 mlrd dollarni tashkil etib, qariyb karantindan oldingi davr ko‘rsatkichiga (2020 yil yanvar-fevral 1,77 mlrd dollar) teng bo‘ldi.

Respublika tovar-xomashyo birjasidagi umumiy aylanma fevral oyida yanvar oyiga nisbatan 26,5 foizga va o‘tgan yilning mos oyiga nisbatan 1,6 barobarga ko‘paydi. Banklararo to‘lov tizimi orqali amalga oshirilgan tranzaksiyalarning umumiy soni ham fevral oyida o‘tgan oyga nisbatan 19,6 foizga oshdi.

Tashqi talabning tiklanib borishi sharoitida joriy yilning yanvar-fevral oylarida eksport tushumlari (oltinni hisobga olmaganda) o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 8 foizga o‘sib, 1,4 mlrd. dollarga yetdi. Bunda, fevral oyida ekportdan tushumlar 743 mln. dollarni tashkil etib, yanvar oyiga nisbatan 13 foizga o‘sdi.

Transchegaraviy pul o‘tkazmalari bo‘yicha tushumlar joriy yilning yanvar-fevral oylarida 892 mln. doll. tashkil etib, 2020 yilning mos davriga nisbatan 14 foizga oshdi.

Ushbu omillar ichki valyuta bozorida taklifni qo‘llab quvvatlashga xizmat qildi va natijada milliy valyuta almashuv kursi nisbatan barqaror shakllanib, 2021 yil 1 mart holatiga devalvatsiya darajasi yil boshiga nisbatan 0,6 foizni tashkil etdi.

Pul-kredit sharoitlari

2021 yil yanvar-fevral oylarida iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalari saqlanib qoldi. Fevral oyida banklararo pul bozorining o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi 14,4 foizni tashkil etib, foiz koridori doirasida asosiy stavkaga nisbatan ijobiy tafovut bilan shakllandi. «UZONIA» indeksi 14 foiz atrofida bo‘ldi.

Yil boshida pul bozoridagi operatsiyalar hajmining barqaror o‘sishi kuzatilmoqda. Xususan, fevral oyida operatsiyalar hajmi 11,5 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan oyga nisbatan 23,1 foizga ko‘paydi.

2020 yil II yarmidagi pasayuvchi tendensiyasidan so‘ng jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi depozitlari bo‘yicha foiz stavkalari 2021 yil fevral oyida 18,3 foizgacha va yuridik shaxslarning depozitlari bo‘yicha esa 16,8 foizgacha ko‘tarildi. Joriy yilning fevral oyida milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkalari 21,3 foizga teng bo‘ldi.

2021 yil 1 yanvardan boshlab maqbul foiz stavkalar mexanizmi bekor qilinganidan so‘ng foiz stavkalarida oshish tomonga ma’lum

darajadagi to‘g‘rilanish kuzatildi. Biroq, foiz stavkalari pul-kredit sharoitlaridagi o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirgan holda o‘tgan yilning mos davridagi ko‘rsatkichlarga nisbatan ancha past darajada shakllandi.

Shuningdek, so‘nggi oylarida iqtisodiy vaziyatning nisbatan normallashuvi va inqirozga qarshi choralar bo‘yicha xarajatlarning qisqarishi natijasida ma’lum darajada fiskal konsolidatsiya kuzatildi.

Prognoz va xatarlar

Markaziy bankning bazaviy prognozlariga ko‘ra, inflyatsiyaning 2021 yil yakuni bo‘yicha 9,0−10,0 foizgacha pasayishi kutilmoqda.

Quyidagilar yil oxirigacha inflyatsiya darajasiga pasayuvchi ta’sir ko‘rsatadi:

  • 2020 yil IV choragidan boshlab nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarining saqlanib qolinayotganligi;
  • karantin choralari ta’sirining va 2020 yilning mart-aprel oylaridagi narxlarning yuqori o‘sishi natijasida yuzaga kelgan «yuqori baza ta’siri»ning bosqichma-bosqich tugashi;
  • 2020 yil aprelda milliy valyuta almashuv kursi keskin qadrsizlanishining narxlarga oshiruvchi ta’sirining chiqib ketishi.

Import bozorlarida konsentratsiya darajasini qisqartirish va diversifikatsiya qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar samaradorligi va ko‘lamining ortishi narxlar barqarorligini ta’minlanishiga hamda o‘rta muddatli istiqbolda inflyatsiyani oshiruvchi xatarlarning kamayishiga xizmat qiladi.

Ayni paytda, inflyatsiyaning bir martalik omillari, cheklangan taklif sharoitida talabning tezroq sur’atlarda tiklanishi, asosiy oziq-ovqat mahsulotlarini eksport qiluvchi mamlakatlar tomonidan ayrim turdagi oziq-ovqatlar uchun eksport kvotalari va bojlarining kiritilishi bilan bog‘liq xatarlar mavjud.

Shu bilar birga, yoqilg‘i va transport xarajatlari oshishi hamda ayrim turdagi tovarlar uchun aksiz solig‘i indeksatsiya qilinishining ichki narxlarga ikkilamchi ta’siri, shuningdek, zaxiralarning kamayishi va bozorlarga yangi hosilning kirib kelishi o‘rtasidagi uzilish davrida oziq-ovqat narxlarining mavsumiy o‘sishi bo‘yicha kutilmalar mavjud.

Kelgusi oylarda qurilish sohasida o‘tgan yilga nisbatan sezilarli o‘sish kutilayotganligi, sement va boshqa qurilish materiallari narxlarining o‘sishiga olib kelishi mumkin.

Shu munosabat bilan ichki bozorda tovar va xizmatlar hajmining talabga mos ravishda oshirilishi bo‘yicha choralarning o‘z vaqtida ko‘rilishi va alohida tovar bozorlarida raqobatning kuchaytirilishi muhim ahamiyatga ega.

Umuman olganda, ichki va tashqi omillar ta’sirida inflyatsiyani tezlashtiruvchi xatarlarning yuqoriligi hamda inflyatsiyaning pasaytiruvchi va oshiruvchi omillari balansi joriy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni taqozo etdi.

Markaziy bank tashqi va ichki sharoitlar ta’sirida inflyatsiya omillari va xatarlari mohiyatini sinchkovlik bilan o‘rganishni davom ettiradi hamda inflyatsiya prognozi dinamikasidan kelib chiqib asosiy stavka bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qiladi.

Markaziy bank boshqaruvining asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2021 yil 22 aprelga belgilangan. Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha press-reliz chop etiladi va matbuot anjumani tashkil etiladi.