O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Germaniya Federal kansleri Angela Merkel 12 mart kuni videoanjuman shaklida uchrashuv o‘tkazadi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Unda ikki mamlakat yetakchilari ko‘p qirrali O‘zbekiston-Germaniya sherikligini yanada kengaytirishning dolzarb masalalarini ko‘rib chiqishlari ko‘zda tutilgan.

Oliy darajadagi uchrashuvlarda erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, konstruktiv siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar hamkorlikka doir qo‘shma loyiha va dasturlarni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.

Muzokaralarda xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashiladi.

Germaniya O‘zbekistonning muhim iqtisodiy sheriklaridan biridir. O‘tgan yili o‘zaro tovar ayirboshlash $829 mlnni tashkil etgan. O‘zbekistonda Germaniyaning $700 mlndan ziyod investitsiyalari o‘zlashtirilgan va 200 ga yaqin qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda.