O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi rahbari Qudratilla Rafiqov Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘rinbosari Abdushokir Rahimovni prezidentni aldayotganlikda aybladi.

U bu haqda federatsiyasining katta majlislar zalida seshanba kuni o‘tkazilgan ayollar muammolarini tizimli hal etish, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishida aytgan.

Daryo.uz`ning xabar berishicha, tadbirda komissiya a’zosi, Fermerlar kengashi raisi o‘rinbosari Abdushokir Rahimov ikki oylik hisobotni o‘qib, eshittirgan.

Uning aytishicha, Kengash «ayollar daftari»ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtojlarning 15 ming 665 nafarining bandligini ta’minlashi kerak bo‘lgan. Shundan 7 ming 571 nafariga o‘z xonadonida bir va ikki sotixli issiqxona qurib berish belgilangan. 7 ming 176 nafariga parranda, asalari, quyon, baliq va bedana boqishni yo‘lga qo‘yish orqali, 918 nafar ayolning bandligi tomorqa xizmat korxonalari va klasterlarni tashkil etish orqali ta’minlanishi kerak edi. Kengash tomonidan ushbu ishlar uchun 75 mlrd so‘m mablag‘ ajratilgani qayd etildi.

«Lekin joriy yilning yanvar-fevral oylarida rejamiz 1 ming 780 nafar xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘lsa-da, buning uchun 6 mlrd so‘m mablag‘ ajratishimiz kerak edi. Biz 1 ming 836 nafar xotin-qizlarni ish bilan ta’minlab, jamg‘armamizdan 7,3 mlrd so‘m mablag‘ ajratdik», — dedi Rahimov.

Biroq ayrim viloyatlar mablag‘dan to‘g‘ri foydalanmagani ma’lum bo‘lgan. «Bu masala bo‘yicha Sirdaryo, Navoiy, Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlarining kengash raislari juda qattiq ogohlantirildi. Agar ular mart-aprel oylari rejalarini ham xuddi shunday bajaradigan bo‘lsa, ularning ishda qolish yoki qolmasligi bo‘yicha sizlarga takliflarimizni beramiz», — dedi Fermerlar kengashi raisi o‘rinbosari.

Shuningdek, u bu borada mart-aprel oylarida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlarga ham to‘xtalib o‘tdi.

Prezident maslahatchisi Rustam Qosimov tomorqadan foydalanish bo‘yicha Xorazm va Toshkent viloyatlaridagi ko‘plab tumanlarning ko‘rsatkichlari pastligini tanqid qilarkan, «Bu milliardlaringiz meni qiziqtirmaydi, bu sizning ichki ishingiz», — dedi.

Bundan tashqari, Qosimov mas’ullarga chora ko‘rish, ekin ekish mavsumi o‘tib ketmaguncha rejadagi vazifalarni bajarish, «ayollar daftari»ga kiritilgan ayollar muammolarini hal qilib, ular sonini muntazam o‘rganish, muhtoj xotin-qizlarni o‘z vaqtida ro‘yxatga kiritish kerakligini ham qo‘shimcha qilgan.

Abdushokir Rahimov kelgusida qattiq ishlashga, kamchiliklarni tuzatishga va’da bergan.

Rustam Qosimov, Qudratilla Rafiqov va Tanzila Narbayeva (chapdan o‘ngga). Foto: Daryo.

«Siz bizga va’da bermang, bizga masalani ko‘taring. Eplolmayapman, ikki oydan beri qo‘limdan kelmadi, deng. Bizdan yordam so‘rang. Biz bir tomonlama o‘ylayotganimiz yo‘q. Nega shu paytgacha indamay o‘tiribsiz selektor bo‘lishini poylab? Komissiyaga murojaat qiling», — dedi prezident maslahatchisi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘rinbosarini lavozimiga nomunosib ekanini aytgan.

«Menga qarang, turing o‘rningizdan. Tanzila Kamolovna, biz bu odam bilan uch oydan beri ishlayapmiz, masala hal bo‘lmasa kerak. Hayitov kelsin (Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Aktam Haitov — tahr.), bu odam masalasini hal qilish kerak. Hozir Vazirlar Mahkamasiga ham chiqamiz, siz chiqib ketavering bu yerdan, ishlamaysiz boshqa», — dedi u.

Qudratilla Rafiqov (markazda). Foto: Federatsiya matbuot xizmati.

Qolaversa, Qudratilla Rafiqov Abdushokir Rahimovni prezidentni aldayotganlikda aybladi.

«Siz bitta meni emas, Tanzila Kamalovnani emas, prezidentni aldayapsiz. Sizlarning gapingizga ishonib, prezidentga kecha ham, o‘tgan kuni ham axborot berdim. Bugun ham administratsiya rahbariga hammamiz hisobot berdik. Nima qilasizlar bizni aldab? Undan ko‘ra, hal bo‘lmayotgan masalalar bo‘yicha yordam so‘ranglar. Uch oydan beri sizga yaxshi gapiryapmiz», — dedi Qudratilla Rafiqov.

Avvalroq, mazkur yig‘ilishda uni yoritish uchun taklif qilingan OAV vakillari chiqarib yuborilgani, keyinchalik esa federatsiya matbuot xizmati rahbari materiallarni chiqarishdan oldin ko‘rsatib olishni so‘ragani haqida yozgan edik.