Surxondaryo viloyati Denov tumanida 28 yoshli fuqaro 20 yoshli qizga majburan uylanmoqchi bo‘lgan. Bu haqda Tergov departamenti xabar bermoqda.

4 mart kuni soat 10:30 larda Denov tumani O‘rikzor MFY., hududida A.R., o‘ziga tegishli «Spark» rusumli avtomashinasida S.X. ning oldiga kelib to‘xtagan.

Ikkita noma’lum shaxslar bilan qizga nisbatan kuch ishlatib, majburlab avtomashinasiga o‘tqizgan va ular yo‘lda tushib qolganidan so‘ng, «menga erga tegsang uyinga olib borib qo‘yaman» deb shart qo‘yib olib qochib ketgan.

Qiz A.R.ga turmushga chiqishga rozilik bergan va ota-onasini ham rozi qilishga va’da berib, qochgan.

Holat yuzasidan JKning 136-moddasi (ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Dastlabki tergov davomida, A.R., S.X.,ning erga tegib ketmasligi uchun olib qochganligini, uning sheriklari 25 yoshli Z.S., hamda 18 yoshli A.E., ekanliklari aniqlangan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Tergov departamenti qayd etishiga ko‘ra, Jinoyat kodeksining normalariga asosan, jinoyatni sodir etgan shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.