Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi o‘rinbosari — ijrochi direktori Inomjon Tog‘ayev Amerika Ovozi (VoA)ga bergan intervyusida NNTlar va hokimiyalarning o‘zaro hamkorligiga to‘xtalib o‘tdi.

Uning aytishicha, «muammoni ko‘tarib chiqayotgan odamlar uning yechimini ham o‘zi biladi».

«O‘zi aslida nodavlat tashkilotlar hokimlarning, mahalliy davlat idoralarining o‘ng qo‘li hisoblanadi. Siz bir material bersangiz buni to‘g‘riligini bilishadi. Eng qizig‘i, muammoni ko‘tarib chiqayotgan odamlar uning yechimini ham o‘zi biladi. Toshkentda kursida o‘tirib, muammoni, vaziyatni bilmasligimiz mumkin, lekin o‘sha insonlar yaxshi bilishadi. Ulardan foydalanish kerak. Lekin bizda bunday emas. Bizda „men rahbarman, mening aytganim bo‘ladi“, degan qoida yillar davomida saqlanib qolgan va bu narsa o‘zining salbiy tomonini ko‘rsatyapti», — dedi Tog‘ayev.

Shuningdek, u lobbizm masalasi haqida ham o‘z fikrini bildirdi.

«Men bu mexanizm bor, deb ayta olmayman. Yolg‘on bo‘ladi bu. Lekin yakuniga yetgan yilda bu narsa boshlandi. Qonunchilik palatasi spiker o‘rinbosari Akmal Saidov bilan ko‘p ishlab, ularga ma’lumotlar taqdim etganimizdan so‘ng, biz bilan bog‘lanishdi. Ular bilan ko‘proq ishlamoqchi bo‘lganimizdan keyin ularning nazariga tushdik», — dedi federatsiya ijrochi direktori.

U «Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunнинг ma’nan eskirgani, yangi qonun o‘tgan yili qabul qilinishi belgilangani, biroq bu masala ortga surib kelinayotganini aytdi.

«Qonun 1996 yilda qabul qilingan va ma’nan eskirgan. Yangi qonun qabul qilinishi 2020 yilgi davlat dasturiga kiritilgan, lekin qonun qabul qilinmadi. Nimaga? Bunga mas’ul idoralar tez-tez ishlamoqchi bo‘lishgan. Bunda jamoatchilik fikri inobatga olinmagan. Katta-katta jamoat tashkilotlarining fikri inobatga olinmagani sabab qonun mo‘rt bo‘lgan va qaytarib yuborilgan. Biz ham qonun loyihasini keyin eshitganmiz. Bizda yillar davomida yig‘ilgan tayyor materiallar bor edi. Keyinroq bevosita Oliy Majlis bizdan shu takliflarni so‘radi. Bu narsa berildi, balki ular hozir band bo‘lishi mumkin. Aslida, qonun ijodkorligida jamoat tashkilotlarining ishtiroki bo‘lishi shart», — deya o‘z munosabatini bildirdi Tog‘ayev.

Federatsiya raisi o‘rinbosarining aytishicha, «ayrim hokimlar iste’molchilar huquqlarini o‘zlari anglab qo‘llab-quvvatlashadi».

«Siz biror joyda o‘qimasligingiz, ishlamasligingiz mumkin, lekin siz yashayapsiz va siz iste’molchisiz. Hamma inson iste’molchi. Biz hududlarda hokimlar bilan ishlaymiz. Ayrim hokimlar iste’molchilar huquqlarini o‘zlari anglab qo‘llab-quvvatlashadi. Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov bir yig‘ilishda „Men iste’molchiman, bugundan boshlab bu federatsiyaga o‘zim a’zo bo‘laman“, deb aytganidan so‘ng viloyatdagi faoliyat alohida e’tiborga olindi», — dedi u.

Avvalroq, Inomjon Tog‘ayev amaldorlar va uning yaqin qarindoshlari o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuviga ham o‘z munosabatini bildirgan edi. «Biror rahbarning o‘g‘li biznes qilishi mumkin emas, degan qoidaning o‘zi yo‘q», — dedi Tog‘ayev. U «tanganing ikkinchi tomoni bor"ligiga e’tibor qaratgan.