Fransiya ilk bor kosmosda harbiy mashg‘ulotlarni o‘tkazmoqda

Fransiya harbiylari 8 mart kuni kosmosda mashg‘ulotlarni boshladilar, bu mamlakat qurolli kuchlari tarixida birinchi marta, deya ta’kidlandi. Mashg‘ulotlar 1965 yilda uchirilgan birinchi fransuz sun’iy yo‘ldoshi — Asterix xotirasiga bag‘ishlangan bo‘lib, AsterX deb nomlandi. Harbiylar manyovrlar paytida potensial xavfli kosmik ob’eklarini hamda o‘z sun’iy yo‘ldoshiga xavf solayotgan tahdidlarni kuzatib boradi. «Bir qator tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda va bizning kosmik infratuzilmamizga qarshi inqirozlar va tahdidlar mavjud, lekin bu hammasi emas», — deya ta’kidladi Fransiya kosmik kuchlari qo‘mondoni Mishel Fridling. U mashqlarni «bizning tizimlarimiz uchun stress testi» deb atadi va ular «Fransiya armiyasi uchun birinchi va hatto Yevropada birinchi» ekanligini ta’kidladi. OAV xabarlariga ko‘ra, mashg‘ulotlarda AQSH kosmik kuchlari va Germaniya kosmik agentligi ham ishtirok etmoqda. Mashg‘ulotlar 12 mart kunigacha davom etadi. OAV Fransiya kosmik kuchlari qo‘mondonligi 2019 yilda tashkil etilganini eslatmoqda. 2019 — 2025 yillarda uni moliyalashtirishga 5 mlrd dollar ajratilishi, xodimlar soni esa 500 kishini tashkil qilishi kerakligi aytilmoqda. — Interfaks (Fransiya OAVga tayanib).

Pentagon rahbari AQSH Milliy gvardiyasining Kapitoliyda qolish muddatini 23 mayga qadar uzaytirdi

AQSH mudofaa vaziri Lloyd Ostin 9 mart kuni xavfsizlikni ta’minlash uchun Kongress hududiga Milliy gvardiya jangchilarini joylashtirish muddatini 23 mayga qadar uzaytirdi. Bu haqda Pentagon vakili Jon Kirbining yozma bayonotida aytiladi. Oldinroq Kapitoliy politsiyasi mudofaa vazirligiga qo‘shinlarni joylashtirishni ikki oydan ko‘proq muddatga uzaytirish to‘g‘risida so‘rov yuborgan edi. «Ostin Kapitoliy politsiyasining Milliy gvardiya qo‘llab-quvvatlovini 2021 yil 23 maygacha uzaytirish to‘g‘risidagi iltimosini ma’qulladi», — dedi vakil. Unga ko‘ra Milliy gvardiyaning 2,3 mingga yaqin askari Kongress hududida qoladi. «Bu hozirgi ko‘makning deyarli 50 foizga qisqarishini anglatadi», dedi Kirbi. — Pentagon matbuot xizmati.

Tailandda sayyohlarga yaxtalarda karantindan o‘tishga ruxsat berildi

Tailand hukumati chet ellik sayyohlarga yaxtalarda ikki haftalik majburiy karantindan o‘tishga ruxsat berdi. «Tailandga tashrif buyurgan mehmonlar endi yaxtada ikki haftalik majburiy karantindan o‘tishlari mumkin. Ushbu ruxsat hukumatning mamlakat yalpi ichki mahsulotining qariyb beshdan biriga to‘g‘ri keladigan turizm sanoatini tiklash bo‘yicha dasturi doirasida belgilangan», — deb yozadi nashr. Yanvar oyida Tailand rasmiylari chet elliklarga golf klublarida karantindan o‘tishga ruxsat berishgan edi. Dastur Pxuketda boshlangan, u yerda koronavirus uchun salbiy PSR-testi bo‘lgan sayyohlar yaxtada yoki kichik kruiz kemasida karantin muddatini o‘tkazishlari mumkin. Ishtirokchilar hayotiy ko‘rsatkichlarni, shu jumladan harorat, qon bosimini va egasining GPS joylashuvini nazorat qiluvchi aqlli bilaguzuk taqishlari kerak bo‘ladi. Qurilma hatto dengizda ham 10 km radiusda ma’lumot uzatishi mumkin. — Nikkei Asia.

Moldovada prezident qarorgohining xarajatlari ikki baravar kamaytiriladi

Moldova prezidenti ma’muriyati rahbarning mamlakatdagi qarorgohining xarajatlarini ikki baravar kamaytirishga va’da berdi. Bu haqda Prezident ma’muriyati bosh kotibi Andrey Spinu aytib o‘tdi. 10 mart kuni u jurnalistlar uchun mamlakat sobiq prezidenti Igor Dodon to‘rt yil yashagan Kondritsa qishlog‘idagi qarorgohiga ekskursiya uyushtirdi. Hozirda u yerda hech kim yashamayapti. Spinu ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda byudjetdan 2,6 mln ley (taxminan 150 ming dollar) miqdorida qarorgoh uchun mablag‘ ajratilgan. 2021 yilda 2,3 mln ley (taxminan 135 ming dollar) mablag‘ sarflanishi ko‘zda tutilgan, ammo ma’muriyat xarajatlarni qayta ko‘rib chiqishni va ularni 50 foizga kamaytirishni rejalashtirmoqda. Spinu ba’zi xarajatlarni samarasiz deb hisoblaydi. Masalan, uning so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan yili taxminan 75 ming ley internet xizmatlariga (4,5 ming dollar) sarflangan, yana 50 ming (3 ming dollar) — basseyn uchun ajratilgan. «Kelajakda turar joydan foydalanish bo‘yicha turli xil takliflar ko‘rib chiqilmoqda. Uni oilaviy zo‘ravonlik qurbonlari markazi yoki madaniy tadbirlar uchun maydon sifatida ishlatish variantlari mavjud», dedi Spinu. Uning ta’kidlashicha, prezident Mayya Sandu davlat qarorgohidan voz kechgan va Kishinyov turar joyidagi ikki xonali kvartirasida yashashni tanlagan. Bir kun oldin telekanallardan birida nutq so‘zlagan Dodon Kondritsadagi turar joy uchun xarajatlarning pasayishini ko‘rmayotganini aytdi. — Interfaks.

Xakerlar bir nechta mamlakatlarning 150 mingta kuzatuv kameralariga buzib kirdi

Bloomberg xabariga ko‘ra, xakerlar shifoxonalarda, politsiya uchastkalarida va ayrim kompaniyalarda o‘rnatilgan 150 mingga yaqin kuzatuv kameralaridan olingan ma’lumotlarga ega bo‘lishdi. Gap internet orqali foydalanuvchilar tomonidan boshqarilishi mumkin bo‘lgan Verkada kameralari haqida ketmoqda. Agentlikka o‘zini xakerlardan biri deb tanishtirgan odam murojaat qildi. Bloomberg’ning yozishicha, hujum xalqaro xakerlar guruhi tomonidan videokuzatuv tizimini buzish qanchalik osonligini ko‘rsatish uchun qilingan. Xususan, xakerlar Tesla’ning Shanxaydagi fabrikalari va omborlaridagi 222 kameradan, AQSH va Buyuk Britaniyadagi Cloudfare dasturiy ta’minotining xavfsizlik kameralariga, shuningdek, bir nechta kasalxonalar, maktablar, qamoqxonalar va politsiya uchastkalari kameralaridan ma’lumot olishdi. Verkada vakili «Biz har qanday ruxsatsiz kirishning oldini olish uchun barcha ichki administratorlarning ma’lumotlarini o‘chirib qo‘ydik», deya xabar berdi nashrga. — Bloomberg.

Boltiqbo‘yi mamlakatlari Yevropa Ittifoqini foydalanilmagan vaksinalarni qayta taqsimlashga chaqirdi

Boltiqbo‘yi davlatlari infeksiya tarqalishining oldini olish uchun Yevropa Ittifoqini foydalanilmaydigan koronavirusga qarshi vaksinalarni a’zo davlatlar o‘rtasida qayta taqsimlash masalasini ko‘rib chiqishga chaqirdi. Bu haqda 10 mart kuni Bloomberg Litva, Latviya va Estoniya sog‘liqni saqlash vazirlarining Yevropa sog‘liqni saqlash komissari Stella Kiriakidesga yozgan qo‘shma maktubiga asoslanib xabar berdi. «Vaksinalarni qayta taqsimlash mexanizmini joriy etish orqali emlash kampaniyalarini [o‘tkazish] va a’zo davlatlar o‘rtasida birdamlikni yanada mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarimiz samaradorligini oshirish haqida o‘ylash juda muhimdir», deyiladi maktubda. Shu bilan birga, vazirlarning ta’kidlashicha, hozirgi kunda «Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga yetkazib beriladigan vaksinalarning foydalanilmagan ortiqcha qismi to‘planib bormoqda, bu esa o‘z navbatida qisqa muddatli dori vositalarining yaroqsiz holatiga olib kelishi mumkin». Bundan tashqari, Bloomberg ma’lumotlariga ko‘ra, fuqarolarning emlashdan keyin yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya ta’sirlardan qo‘rqishidan ba’zi bir dozadagi vaksinalar ishlatilmay qolmoqda. «Biz Yevropa Komissiyasini ajratish uchun imtiyozlarni asoslab beradigan va [dori-darmonlarni] eng katta ehtiyojga ega bo‘lgan a’zo davlatlarga yetkazib berish mexanizmini yaratish bo‘yicha faol choralarni ko‘rishga chaqiramiz», deyiladi qo‘shma bayonotda. — Bloomberg.