Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri o‘rinbosari, «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi rahbari Alisher Qodirov Buxoro davlat universitetiga tashrifi chog‘ida talaba oliy ta’limga faqat bilim olish uchun kelishi kerakligini aytdi. Bu haqda Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar bermoqda.

«Oliy ta’lim tarbiya maskani emas, bu jarayondan uzilishi kerak. Talaba oliygohga faqat bilim olishi uchun kelishi lozim. Ya’ni, oliy ta’limda faqat yetuk mutaxassis tayyorlanadigan muhit yaratilishi kerak», — deya ta’kidladi Alisher Qodirov.

Avvalrok, oliy ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov oliy ta’lim muassasalari isloh qilinishi, buning uchun esa uch oy vaqt kerakligini ma’lum qilgan edi. «Umuman oliy ta’lim muassasasida nima yoqmagan bo‘lsa hammasi isloh bo‘ladi», — degan edi u.