9 mart kuni O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘lu uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

Avvaliga, ikki vazirlik rahbarlari o‘rtasida tor doirada suhbat bo‘lib o‘tdi. Mevlut Chavusho‘g‘lu 6 martda O‘zbekistonga kelgan bo‘lsa, shundan buyon «o‘zbeklarning mehmondo‘stligidan o‘zini uyidagidek his qilayotganini» ma’lum qildi va buning uchun minnatdorchiligini bildirdi.

Tor doiradan kengaytirilgan tartibdagi TIV rahbarlari boshchiligida Strategik rejalashtirish guruhining ikkinchi yig‘ilishiga o‘tildi.


Unda bo‘lajak qo‘shma tadbirlarga, xususan, oliy darajadagi O‘zbekiston-Turkiya strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishiga tayyorgarlikning tashkiliy masalalari ko‘rib chiqildi.

Majlisda Turkiya delegatsiyasi o‘ziga xos turneni amalga oshirayotgani, O‘zbekistondan oldin Turkmanistonda bo‘lishgani, bundan keyingi manzil esa Qirg‘iziston ekanligi aytildi.


Shundan so‘ng, ikki mamlakat delegatsiyalari rahbarlari O‘zbekiston va Turkiya tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2022−2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi va Tarjima xizmatlari sohasida o‘zaro anglashuv memorandumini imzolashdi.

Yakunda tashqi ishlar vazirlari OAV vakillari uchun brifing o‘tkazdi va o‘zaro hamkorlik masalalari yuzasidan fikr bildirishdi.

Turkiya prezident 2021 yilda O‘zbekistonga keladi

O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Turkiya prezidentining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi shu yili amalga oshirilishi taklifi bildirilganini ma’lum qildi.


«Muzokaralar davomida oliy darajadagi o‘zbek-turk Strategik hamkorlik kengashining 2-yig‘ilishini o‘tkazish maqsadida Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an janobi oliylarini 2021 yilda o‘zlariga qulay bo‘lgan vaqtda O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurish taklifi yana bir bor bildirildi», — dedi vazir.

Kamilov, — «O‘zbekiston ota yurtingizning eshiklari sizlar kabi yaqin qardoshlarimiz uchun doimo ochiq», — deya so‘zini yakunladi.

Turkiya sobiq prezidenti Sulaymon Demirelning maktubi

O‘z navbatida Turkiya tashqi ishlar vaziri o‘z minnatdorligini bildirib, O‘zbekiston mustaqilligini tan olgan birinchi davlat Turkiya bo‘lgani va mamlakatda ochilgan ilk elchixona ham aynan shu davlatniki ekanini qayd etdi.

«Sal avval, Abdulaziz akamizga o‘sha paytlarda bosh vazir, keyinchalik prezident (1993−2000 yillarda) bo‘lgan marhum Sulaymon Demirel maktubining bir nusxasini taqdim etdim», — dedi u.

Bitimlar

Turkiya vakili Oliy kengashning birinchi sammitida qabul qilingan qarorlar ijrosining borishi muhokama qilinganini ham qayd etdi.


«Oliy kengashning ikkinchi sammitiga bo‘ladigan tayyorgarliklarni bugun boshlab yubordik va sammitga juda ham zich zavishda ishlarni olib boramiz. Muhtaram prezidentimiz Erdog‘anning O‘zbekistonga tashrifida bo‘lib o‘tadigan oliy kengashning ikkinchi sammiti chog‘ida imzolashni xohlagan bitimlarimiz ro‘yxatini taqdim etdik. Ular ustida muhokamalarni davom ettirib, sammitda imzolaymiz», — dedi Chavusho‘g‘lu.

«Hozirgi vaqtda biz imtiyozli savdo bitimini imzolash jarayonidamiz, biz uni tezroq imzolab olgach, keyingi bosqichda erkin savdo bitimi muhokamalariga o‘tishni xohlaymiz. Iqtisodiy munosabatlarimizni rivojlantirish uchun katta salohiyat bor, uni hayotga joriy qilish uchun qo‘limizdan kelgan ishni bajaramiz», — deya qo‘shimcha qildi vazir.

Brifing yakunida Turkiya TIV rahbari shu kuniyoq O‘zbekiston prezidenti qabulida bo‘lishi va keyingi manzil — Qirg‘izistonga yo‘l olishi ma’lum qilindi.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida imtiyozli savdo to‘g‘risidagi Bitimni imzolash shartlari muhokama qilinmoqda.

Bitim prezident Shavkat Mirziyoyevning 2020 yilning fevralida Turkiyaga rasmiy tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarda belgilangan va o‘zaro savdo hajmini 5 mlrd dollarga oshirishning muhim vositasi sifatida qayd etilgan. Bitim bilan muayyan buyumlarga nisbatan bojxona bojlari qo‘llanilmasligi yoki ularning stavkasi sezilarli darajada pasaytirilishi reja qilingan.