Toshkentda 10 yoshli bolani zo‘rlaganlikda gumon qilinayotgan taksi haydovchisi shaxsiga aniqlik kiritilib, hozirda u qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB xabar bermoqda.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, gumondor 47 yoshli G‘.D. ekanligi ma’lum bo‘ldi.

«Hozirgi kunda u ushlangan va unga nisbatan Jinoyat kodeksining 119-moddasi 4-qismi (Jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib g‘ayritabiiy usulda qondirish) bilan ayb e’lon qilinib, sud tomonidan qamoq tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan», deyiladi xabarda.

Kun.uz`ning yozishicha, fuqaro B.J.ning o‘g‘li 28 fevral kuni Chilonzor tumanidagi uyidan amakisining uyiga borish uchun qora rangli «Neksiya-3» rusumli taksiga chiqqan.

Mashinada haydovchidan tashqari yana bir yo‘lovchi ham bo‘ladi. Haydovchi bu yo‘lovchini Chilonzor tumanida tushirib qoldiradi, keyin yana bir ayol yo‘lovchini oladi. Bu vaqt oralig‘ida murojaatchining o‘g‘li ham mashinada bo‘lgan.

«11 yoshli o‘g‘lim haydovchidan Chilonzor tumanining 20-mavzesiga olib borib qo‘yishni so‘raydi. Lekin haydovchi dastlab mashinasiga olgan ayol yo‘lovchini «Abu saxiy» bozoriga tashlab qo‘yishini aytib, bolamni o‘zi bilan olib ketadi. Taksichi ayolni bozor atrofida tushirgach, o‘g‘lim bilan mashinada yolg‘iz qoladi. Shundan so‘ng u bolamni aldab, ovloqroq joyga olib boradi. O‘sha joyda mashinam buzilib qoldi, deb to‘xtab eshiklarni qulflaydi va orqa tarafga, bolamning oldiga o‘tadi.

O‘g‘limga: «Sir saqlashni bilasanmi?» deydi va shimini yechib, bolamga nisbatan axloqsiz harakatlar qila boshlaydi. O‘g‘lim qo‘rqib, yig‘lab qarshilik qilishni boshlaganda, haydovchi «ishini» to‘xtatib, uni aytilgan manzilga olib borib qo‘ygan va bu haqda hech kimga aytma, deb tayinlagan" — deya so‘zlab bergan bolaning otasi.

Haydovchi bolani «Ubay ibn Kaab» masjidi (sobiq «Ilon ota») yaqinidagi ko‘p qavatli uylar oldida qoldirgan. Holat bilan shug‘ullangan Chilonzor tuman IIB masjid tashqarisiga o‘rnatilgan kameralar yordamida bolani tashlab ketgan mashinaga o‘xshash ikkita qora rangli «Neksiya-3» avtomobilini aniqlagan.

Biroq taxmin qilingan har ikkala avtomobilning egalari rasmi bolaga ko‘rsatilganda, bola haydovchi ular emasligini aytadi. Ayni vaziyatda avtomobillar egalari o‘z mashinalarini ishonchnoma asosida boshqa shaxslarga bergan bo‘lishi mumkinligi istisno etilmayapti.

Bolaning otasi tahririyatga murojaat qilib, IIB xodimlari holatni o‘rganishni paysalga solayotganidan noroziligini bildirgan edi.

Shundan so‘ng, poytaxt IIBB «vaziyatdan xabardor va ish borishini o‘z nazoratiga olgan"ini ma’lum qilgan edi. Taksi haydovchisiga nisbatan JKning 129-moddasi 1-qismi (O‘n olti yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan uyatsiz-buzuq harakatlar qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, gumondorni qidirish ishlari boshlangan edi.