Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent viloyati Qibray tumani «O‘ngqo‘rg‘on» mahallasidagi fermer xo‘jaliklari o‘rtasidan o‘tgan ariqdan har kuni ikki mahal qon oqishi haqidagi yangilik yuzasidan Toshkent viloyati hokimligi rasmiy bayonot berdi.

O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, qonunbuzilish holatlari aniqlangan hamda muammoni hal etish uchun «Obod Savdo Biznes» MCHJ rahbariyatiga 5 kun muddat berildi. Avvalroq, mazkur masalaga «Rost24.uz» e’tibor qaratgan edi.

Mazkur masala yuzasidan 10 ga yaqin mas’ul takshilot vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, holat joyiga chiqqan holda o‘rganilgan.

Natijada «Obod Savdo Biznes» MCHJ (rahbari K.Zaynitdinov)ga qarashli qushxonadan hosil bo‘lgan oqova suvlar ariqqa oqizilgani ma’lum bo‘lgan.

Ushbu holat yuzasidan korxona 2021 yil 26 fevral kuni ham Davlat ekologiya qo‘mitasining Qibray tumani inspeksiyasi tomonidan ham ogohlantirilgan bo‘lgan.

«Vaholanki, «Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonunning 19-moddasi, «Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida"gi qonunning 18-, 19-, 99-moddalari talablari buzilgan. Buning oqibatida mas’ullar Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 72-moddasi 1-qismi (Suv zaxiralarini muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan ma’muriy javobgarlikka tortishiga sabab bo‘ladi», deyiladi bayonotda.

Foto: Toshkent viloyati hokimligi.

Korxona binolari 2014 yilda «Nur Farrux» fermer xo‘jaligidan «Obod Savdo Biznes» MCHJ taasarufiga o‘tgan va Qibray tumani hokimining 2014 yil 9 dekabrdagi 2494-sonli qarori qabul qilingan. Ushbu ixtisoslashgan so‘yish korxonasi 2018 yil ishga tushirilgan, lekin hujjatlar ko‘zdan kechirilganda, aynan ixtisoslashgan so‘yish korxonasi uchun tegishli tashkilotlarning xulosalari mavjudligi taqdim qilinmagan.

Oqova suvlar va kushxona hududidan chiqayotgan oqovalar uchun qilingan o‘ralar gidroizolyatsiyalangan (betondan yasalgan) bo‘lib, lekin oqovalarni yig‘masdan aksincha oqovalar dalaga va zax ariqqa tushirilgan.

Oqova suvlarni o‘radan tortib olib ketilishi uchun shartnoma tuzilmagan, maishiy chiqindilarni olib ketish uchun ham «Toza hudud» bilan shartnoma mavjud emas. Qushxona xududi orqa tomoni dala qismiga kushxonani yuvish vaqtida chiqqan qon aralash suvlar va so‘yilgan mol oshqozonidan chiqqan yem ozuqa qoldiqlari binoning orqa dala qismiga chiqarilish oqibatida tartibsiz holatga kelib qolgan.

Natijada «Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida"gi qonunning 16-moddasi buzilgan. Davlat veterinariya qo‘mitasining 2018 yil 27 iyuldagi ixtisoslashgan so‘yish korxonalariga nisbatan vaqtinchalik veterinariya sanitariya qoida va me’yorlarini tasdiqlash haqidagi 25-sonli qarori talablari buzilgan.

Viloyat hamda tuman SEO va JSB mutaxassislari tamonidan ushbu aniqlangan holat va tartibbuzarliklarni zudlik bilan bartaraf qilish choralarini ko‘rish, qushxonadan chiqayotgan oqovalar uchun maxsus gidroizolyatsiyalangan o‘ra qurilishi nazoratga olindi.

«Hozirgi kunda yuqoridagi kamchiliklarni bartaraf etish uchun ko‘rsatmalar berilib, qushxonadan chiqadigan oqova suvlarni zax ariqqa oqizilishi to‘xtatildi. O‘rnatilgan quvurlar kovlab olindi. Kamchiliklarni 5 kun muddat ichida bartaraf etish bo‘yicha korxona rahbaridan tushuntirish xati olindi», deyiladi xabarda.

Qibray tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi tomonidan korxona tomonidan atrof-muhitga yetkazilgan zarar hisoblanib, tegishli tashkilotlarga taqdim etilishi ma’lum qilindi.