Kitco 2020 yildagi oltin qazib olish bo‘yicha dunyodagi eng katta konlar ro‘yxatini e’lon qildi. Ushbu ro‘yxatda Navoiy viloyatida joylashgan «Muruntov» koni birinchi o‘rinni egalladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu konda o‘tgan yili 56,7 tonnaga (2 mln unsiya) yaqin oltin qazib olingan. Ushbu konning resurs-zaxiralari 4 ming tonna (150 mln unsiya) deya baholanmoqda.

Analitiklarning fikricha, «Muruntov» koni yaqin kelajakda ham eng yirik kon sifatida o‘z maqomini saqlab qoladi.

Reytingda «Muruntov»dan keyingi o‘rinlarda AQSHda joylashgan «Karlin» (2020 yilda — 45,3 tonna qazib olingan — 1,6 mln unsiya) va Rossiyaning «Olimpiada» (34 tonna — 1,2 mln unsiya) konlari turibdi.

Xalqaro oltin kengashining 2020 yil oxiridagi ma’lumotlariga ko‘ra, AQSHdagi Nevada oltin konlari yiliga 115,8 tonna ruda ishlab chiqaradi. Bu sayyoradagi eng yuqori ko‘rsatkichdir. Muruntov esa dunyodagi eng yirik oltin qazib olinadigan kon deb tan olingan edi. Ushbu konning yillik ishlab chiqarish hajmi 66 tonna deya baholanib, bu borada ikkinchi o‘rinni egallagan edi.