AQSHning 12 shtati Baydenni iqlim to‘g‘risidagi farmon uchun sudga berdi

Missuri hukumati va AQSHning yana 11 shtati mamlakat prezidenti Jo Bayden va uning ma’muriyatiga qarshi aholi salomatligi va atrof-muhitni muhofaza qilish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani uchun sudga murojaat qildi. Da’vogarlar federal regulyatorlarning vakolatlarini kengaytirish jiddiy iqtisodiy zarar yetkazishi mumkin, deb hisoblaydi, deya yozmoqda 8 mart kuni nashr. Ma’lumotlarga ko‘ra, Missuri bosh prokurori Erik Shmitt tomonidan ilgari surilgan da’voga Arkanzas, Arizona, Indiana, Kanzas, Montana, Nebraska, Ogayo, Oklaxoma, Janubiy Karolina, Tennessi va Yuta shtatidagi hamkasblari qo‘shilishdi. Murojaatnomada ta’kidlanishicha, farmon matniga binoan federal hokimiyat organlari issiqxona gazlari uchun davlat xarajatlari ko‘rsatkichlarini tasdiqlashlari mumkin, bu keyinchalik federal regulyatorlar tomonidan yangi qoidalarni o‘zgartirish va kiritish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, bu esa mamlakatda oddiy odamlar uchun qo‘shimcha moliyaviy yukni keltirib chiqaradi. Da’vogarlarning fikriga ko‘ra, farmon hokimiyatni taqsimlash prinsipini buzmoqda. Murojaatnomada keltirilgan Bayden ishchi guruhining oraliq hisob-kitoblariga ko‘ra, bunday ijtimoiy xarajatlarining umumiy miqdori 9,5 trln dollarga teng. «Aslida, bu ulkan ko‘rsatkich federal regulyatorning ulkan kengayishini oqlash uchun ishlatiladi, bu esa Amerika hayotining barcha jabhalariga — ularning mashinalaridan tortib, muzlatgichlari va uylariga, oziq-ovqat va elektr energiyasi uchun to‘lovlarga aralashadi», — deya yoziladi da’vo matnida. — The Hill.

Bayden 20 yanvarda bo‘lib o‘tgan inauguratsiyadan so‘ng Parij kelishuviga qo‘shilishi to‘g‘risida farmonni imzolagan edi. 2018 yilda mamlakat sobiq rahbari Donald Tramp kelishuvdan chiqishga qaror qilgan edi, bu, uning fikriga ko‘ra, AQSH iqtisodiyotining rivojlanishini sekinlashtirgan.

Gonkongda 200 ga yaqin davlat xizmatchilari qasamyod qilishdan bosh tortganlari uchun ishdan bo‘shatilishi mumkin

Gonkong hukumati asosiy qonunga sodiqlik qasamyodini qabul qilishdan bosh tortgan 200 ga yaqin xodimni davlat xizmatidan bo‘shatmoqchi. O‘tgan yilning oktyabr oyidan beri majburiy qasamyod qilish tartibi XXRning ushbu maxsus ma’muriy hududidagi barcha 180 ming davlat xizmatchilarini qamrab oldi. Biroq 200 kishi biron sababga ko‘ra tegishli deklaratsiyani imzolashdan bosh tortdi. «Agar davlat xizmatchilari asosiy vazifalarni qabul qilish va bajarish to‘g‘risida hujjatni imzolashdan bosh tortsa, biz ularga bo‘lgan ishonchni yo‘qotamiz. Ular davlat xizmatidan ketishlari kerak bo‘ladi», dedi davlat xizmatchilari ishlari bo‘yicha vazir Patrik Nip. Uning ta’kidlashicha, rasmiylar har bir aniq holatda rad etish sabablarini tushunishga harakat qilishadi. XXR markaziy organlari yaqinda Gonkongni faqat «vatanparvarlar» boshqarishi uchun ruxsat berilishini ta’minlash zarurligini ta’kidladilar. Ayni paytda ushbu maxsus ma’muriy hududda saylov tizimining tegishli islohoti tayyorlanmoqda. — South China Morning Post.

Dunyo mamlakatlarining uchdan bir qismi chet ellik sayyohlar uchun butunlay yopiq bo‘lib qolmoqda

Dunyo mamlakatlarining uchdan bir qismi chet ellik sayyohlar uchun to‘liq yopiq bo‘lib qolmoqda, ayniqsa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Yevropada qat’iy cheklovlar qo‘llanilmoqda, deyiladi BMTning Jahon turizm tashkiloti (UNWTO) hisobotida. «COVID-19 ning yangi shtammlarining paydo bo‘lishi ko‘plab hukumatlarni sayohatlardagi cheklovlarni bekor qilish rejalaridan voz kechishga majbur qildi. Natijada, dunyodagi har uch yo‘nalishdan biri yoki 32 foiz davlatlar endi xalqaro turizm uchun to‘liq yopiq», — deya yozmoqda tashkilot hisobotida. Ma’lumotlarga ko‘ra, 217 ta yo‘nalishdan 69 tasi to‘liq yopilgan, shulardan 30 tasi Osiyo-Tinch okeani mintaqasida, 15 tasi Yevropada, 11 tasi Afrikada, 10 tasi Shimoliy va Janubiy Amerikada, uchtasi Yaqin Sharqda. Shu bilan birga, 34 foiz mamlakatlar turizm uchun qisman yopiq. UNWTO’ning ta’kidlashicha, tobora ko‘proq mamlakatlar sayohatchilarga COVID-19 uchun PSR testni o‘tkazishni va/yoki karantin bilan birgalikda aloqalarni kuzatib borish uchun marshrut ma’lumotlarini berishni talab qilmoqda. Endilikda bunday talablar mamlakatlarning 32 foizida amal qiladi. «Endi turizmni bosqichma-bosqich qayta tiklash vaqti kelganligi sababli, biz ushbu cheklovlarni infeksiya holati to‘g‘risidagi so‘nggi ma’lumotlarga asoslanib doimiy ravishda qayta ko‘rib chiqish zarurligini tan olishimiz kerak. Aks holda, millionlab odamlarni ish bilan ta’minlaydigan sanoatning qayta tiklanishini ta’minlash mumkin bo‘lmaydi», deya ta’kidladi UNWTO bosh kotibi Zurab Pololikashvili. 2020 yil aprel oyida sayohatga cheklovlar kiritgan mamlakatlar soni 100 foizga yetdi. UNWTO ma’lumotlariga ko‘ra, yil oxiriga kelib xalqaro turizm 74 foizga, eksportdan tushadigan daromad esa 1,3 trln dollarga kamaydi. — UNWTO.

Saudiya Arabistoni aprel oyida Yevropa uchun neft narxini pasaytiradi

Saudiya Arabistoning davlat neft shirkati bo‘lgan Saudi Aramco aprel oyida Osiyo va AQSH xaridorlari uchun xom ashyoning ko‘pgina turlari narxlarini ko‘tarishini, shu bilan birga, yevropalik xaridorlari uchun narxlarni pasaytirishi haqida e’lon qildi. Osiyolik xaridorlar uchun Arab Light bir barreli uchun 0,4 dollarga ko‘tariladi. Natijada, u bir barreli uchun Ummon va Dubaydan kelgan neftdan 1,4 dollarga qimmatga tushadi. Arab Heavy turining Osiyo uchun narxi o‘zgarmaydi, boshqa turlar esa barreliga 0,2−0,6 dollarga qimmatlashadi. Aprel oyida Shimoliy-G‘arbiy Yevropa xaridorlari uchun neft narxining pasayishi bir barreli uchun 1,5 dan 1,8 dollargacha, O‘rta yer dengizi hududi uchun — 1 dollardan 1,9 dollargacha pasaytirilishi ko‘zda tutilgan. — Interfaks.

Mexiko shahridagi to‘qnashuvda 60 dan ortiq politsiya xodimasi jarohat oldi

8 mart kuni Meksika poytaxtida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan marsh ishtirokchilari tomonidan uyushtirilgan tartibsizliklar paytida 60 dan ortiq politsiya xodimasi jarohat oldi. «62 nafar politsiya xodimasi va 19 nafar fuqaro jarohat oldi, to‘qqiz nafar politsiyachi tibbiy yordam olish uchun kasalxonalarga yetkazildi, ularning ahvoli barqaror deb baholanmoqda», — deyiladi xabarda. Ilgari Mexiko shahri ma’murlari jarohat olgan 15 nafar huquq-tartibot xodimasi haqida xabar berishgan edi. Mexiko shahridagi jamoat xavfsizligi boshqarmasi rahbari o‘rinbosari Marcyela Figeroaning so‘zlariga ko‘ra, politsiyaga bolg‘a, tayoq, petarda va Molotov kokteyli (yonuvchan aralash butilkalar) bilan hujum qilingan. Hokimiyatning taxminiy hisob-kitoblariga ko‘ra, namoyishda 20 mingga yaqin odam qatnashgan. Meksika hukumati feministik marshni himoya qilish uchun 2,7 mingga yaqin ayol politsiyachini jalb qildi. Ular qurollanmagan va o‘zini himoya qilish uchun maxsus vositalarsiz bo‘lishgan. — Mexiko shahri jamoat xavfsizligi boshqarmasi.

AQSH Rossiyani vaksinalar to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumotlar tarqatishda aybladi

AQSH «Moderna» va «Pfizer» G‘arb vaksinalari to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatayotgan «Rossiya manbalarini aniqladi», deya ma’lum qildi 8 mart kuni Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays. «Razvedka xizmatlari nazorati ostida ishlagan hamda AQSH oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi tomonidan tasdiqlangan vaksinalar to‘g‘risida noto‘g‘ri ma’lumot tarqatgan Rossiyaning to‘rtta onlayn platformasi aniqlandi», — deydi Prays brifingda. Bundan avvalroq, Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki «Biz qo‘limizdan kelgan barcha vositalardan foydalanib, dezinformatsiyaga qarshi kurashamiz» degan edi. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov, o‘z navbatida, The Wall Street Journal nashriga bergan intervyusida Rossiya maxsus xizmatlarining ba’zi OAVda COVID-19ga qarshi G‘arb vaksinalarini tanqid qiluvchi ma’lumotlarning paydo bo‘lishi bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini aytdi. «Bu bema’nilik. Rossiya maxsus xizmatlari vaksinalarni tanqid qilish bilan hech qanday aloqasi yo‘q», dedi u. «Agar biz «Sputnika V»ni tanqid qiladigan har bir nashrni AQSH maxsus xizmatlari faoliyati natijasida ko‘rib chiqsak, biz aqldan ozgan bo‘lardik: axir biz barcha ingliz OAVda har kuni, har soatda bunday ma’lumotlarni ko‘rib turibmiz», deb qo‘shimcha qildi Peskov. — AQSH Davlat departamenti.