O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasining katta majlislar zalida bugun, 9 mart kuni Ayollar muammolarini tizimli hal etish, ularni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Respublika komissiyasining navbatdagi kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Bu haqda Daryo nashri xabar bermoqda.

Xabarga ko‘ra, tadbirda Senat raisi Tanzila Norboyeva, prezident maslahatchisi Rustam Qosimov, qolaversa, Toshkent shahri va viloyatidan mutasaddilar ishtirok etgan.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi raisi Qudratilla Rafiqovning ta’kidlashicha, videoselektor yig‘ilishida jami 1 ming 750 nafarga yaqin xodim qatnashgan.

Foto: «Daryo».

Jurnalistlarning aytishicha, tanqidiy-tahliliy ruhda kechayotgan tadbirning ayni qizg‘in pallasida yig‘ilishni yoritish uchun kelgan OAV vakillari kutilmaganda chiqarib yuborildi.

«Farhod aka, ‘televizorchik'lar ketsin, bo‘ldi. Bu yerda gaplarimiz bor-da bizning, iltimos sizlardan, ruxsat hammalaringizga. Farhod aka? Shu yerdami, Farhod aka? Mahmudov bularga (jurnalistlar nazarda tutilmoqda — tahr.) ruxsat beraylik, bo‘ldi ketaversin, bo‘ldi rahmat», — dedi Rafiqov yig‘ilishda ishtirok etayotgan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari Farhod Mahmudovga yuzlanib.

Soat 11:00 da boshlangan yig‘ilishda bir yarim soatdan so‘ng nafaqat «O‘zbekiston 24», «Yoshlar», UzReport, «Mening yurtim», Zo‘r TV kabi telekanal muxbirlari, balki «Daryo.uz», «Xalq so‘zi online», «Bugun.uz» kabi internet-nashr vakillariga ham chiqib ketishi aytilgan.

Shu joyning o‘zida jurnalistlar O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi matbuot xizmati rahbari Muhabbat O‘rmonbekova hamda Oliy Majlis Senati matbuot xizmati vakili Jonibek Ma’rupovlardan mazkur vaziyat bo‘yicha izoh so‘rashdi. Ammo holat bo‘yicha ular tomonidan javob berilmagan.

Foto: «Daryo».

Tadbirda ishtirok etgan MY5 telekanali muxbiri Yulduz Olimovaning qo‘shimcha qilishicha, uyushma matbuot xizmati rahbari materialni chiqarishdan oldin ko‘rsatib olishni so‘ragan va rad javobini olgach, Senat vakillarini jurnalistlarni tiyib qo‘yishga chaqirgan.

«Hududlar kesimida olib borilayotgan ishlar yuzasidan odatiy hisobot ma’ruzalari bilan boshlangan tadbir endigina prezidiumdagilarning g‘ashiga tegib, konkret javoblar talab qilingan bir paytda, federatsiya raisi tomonidan Farhod Mahmudov orqali OAV vakillarining chiqib ketishi so‘raldi. Eng qizig‘i, majlislar zalidan chiqqan jurnalistlar oldiga uyushma matbuot xizmati rahbari kelib, material efirga berilishi oldidan ularga ko‘rsatilib, ruxsat olish kerakligini uqtirdi. Shaxsan men bu taklifga rozi emasligim va bor ma’lumotni xalqqa xolis yetkazishim, bu jarayonga ularning aralashuvi noto‘g‘ri ekanini tushuntirishga kirishdim. Shundan so‘ng, matbuot kotibi tadbir tashkilotchilaridan biri bo‘lgan Senat axborot xizmati xodimlari yoniga kelib, MY5, „Sevimli“, „Daryo.uz“ va „Xalq so‘zi“ muxbirlarini ular faoliyat yurituvchi tashkilot rahbarlariga chiqib, tiyib qo‘yishlarini so‘radi. Bunisi endi juda oshib tushdi», — dedi u.

«Daryo.uz» muxbiri Mirolim Isajonov o‘zining Facebook`dagi sahifasida: «Yig‘ilishdan jurnalistlar chiqarib yuborilar ekan, nima uchun tadbirga OAV vakillari taklif etildi?» — deya munosabat bildirgan.

«Gazeta.uz» Senat matubot xizmati rahbari Jaloliddin Usmonov bilan bog‘landi. «Bugungi holat bo‘yicha o‘rgandik. Ma’lum bo‘lishicha, tadbir ikki qismdan iborat bo‘lgan va birinchi qismiga OAV vakillari taklif etilgan. Faqat bu yerda tushunmovchilik bo‘lgani sababi jurnalistlarga reja to‘g‘ri tushuntirilmagan», — dedi Usmonov.

Vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida «Gazeta.uz» muxbiri bir necha bor Kasaba uyushmalari federatsiyasi matbuot kotibi Muhabbat O‘rmonbekova bilan bog‘lanish urinib ko‘rdi. Lekin tashkilot vakili qo‘ng‘iroqlarni javobsiz qoldirdi.