Shanba kuni 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir har doimgidanda o‘zgacha tus hamda ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Buning asosiy sababi tadbir dasturi oddiyligi va samimiy tashkil etilganida, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.


Tadbirda O‘zbekiston ayollari va qizlarining mamlakat hayotidagi o‘rni, ahamiyati va albatta, betakrorligini so‘zda emas, balki amalda ko‘rsata olish bo‘ldi. Shu bilan birga, ularning barchasiga birdek bayramona kayfiyat tuhfa etish bosh maqsad. Buning isbotini «Maxsus rakurs» ko‘rsatuvining navbatdagi sonidan (video) ham ko‘rish mumkin.


Bayram tadbiri an’anaviy tarzda forumlar saroyida emas, balki Xalqaro kongress markazida o‘tkazildi.


Davlat rahbari ishtirokida o‘tayotgan tadbir bo‘lishiga qaramasdan, ayni shu kuni qariyb bir yildan beri insonlar o‘rtasida «to‘siqqa aylanib qolgan» niqoblar yechildi. Bayram nafislik va go‘zallik timsollari bo‘lmish ayollarning bayramida yigitlar qo‘lni ko‘ksiga qo‘ygancha, xizmatda bo‘ldi.


Prezident Shavkat Mirziyoyev nutqi davomida ayollarning jamiyatdagi o‘rnidan tortib, bevosita ularga aloqador bo‘lgan muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi. Asosiysi ularning davlat boshqaruvidagi o‘rni kun sayin oshib borayotgani, hozirda tizimda ayollarning ulushi 33 foizni tashkil etayotgani ta’kidlandi.


Jumladan, 1500 nafarga yaqin ayollar rahbarlik lavozimlarida faoliyat olib bormoqda. Prezident tadbirdagi nutqi davomida asosiy e’tiborni respublikaning turli tuman va shaharlarida hokimlik lavozimlarida 6 nafar ayol ishlayotganiga qaratdi.


«Men Namanganga borganda „Qani endi vaqt tezroq o‘tsa-yu, ayollarning ichidan ham viloyat hokimi chiqsa juda minnatdor bo‘lardim“, dedim» — deya so‘zida davom etdi Shavkat Mirziyoyev.


Davlat rahbari o‘z nutqida nafaqat jonbozlik ko‘rsatgan xotin-qizlarni, balki endi butun umrini farzandlarini komil inson qilib tarbiyalashga sarflagan, shu orqali jamiyat rivojiga hissa qo‘shayotgan onalar ham mukofotlanishini aytib o‘tdi.


Ko‘p vaqt o‘tmay, tadbir ishtirokchilari buning isbotiga ham guvoh bo‘lishdi. Prezident mukofotlarni o‘z egalariga topshiriq vaqtida ana shunday onalardan biri Muqaddas Ziyovutdinovani ham tadbirkladi. Uning o‘g‘illari aka-uka Ismatullayevlar Chustdagi maydonda to‘qimachilik fabrikasini barpo etib, 1000 dan ortiq fuqarolarni ish bilan ta’minlashga va 9 mln dollardan ortiq mahsulotlarni eksport qilishga muvaffaq bo‘lgan.


Davlat rahbari shu kuni hech kimni o‘zidan uzoq tutmadi, aksincha qariyb barchani bag‘riga bosdi. Ayniqsa, bu yilgi «Zulfiya» mukofoti sovrindorlari bilan qisqa bo‘lsada, iliq suhbatda bo‘ldi. Ulardan biri, qoraqalpog‘istonlik Gulsanem O‘razbayeva bo‘ldi.

Gulsanem Qoraqalpog‘istonning Bo‘zatov tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi hisoblanadi. O‘tgan yilning oktabr oyida prezidentning Toshkent IT parkiga tashrifi chog‘ida davlat rahbari Gulsanem bilan videokonferensiya orqali suhbati vaqtida u bilan albatta ko‘rishishni va’da qilgan edi.


Prezidentdan mukofotni olgach, «Gazeta.uz» muxbiri Gulsanem bilan suhbatlashdi. U davlat rahbariga, «sabrsizlik qilib, o‘zim kelib qo‘ydim» deganini, o‘zida yo‘q quvonchi va his-hayajoni bilan o‘rtoqlashganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, prezident Gulsanemni o‘z qizidek erkalab, «faqat va faqat olg‘a harakat qilishi hamda bundanda yuksak marralarni zabt etishini» tilagan.

Orden va medallar o‘z egalariga topshirilgach pezident tayyorlangan stolga emas, balki zaldagi mehmonlar tomon harakatlandi. U birinchi galda xorijlik mehmonlar bilan ko‘rishdi.

XXR elchisi Szyan Yan prezidentga o‘zbek tilida o‘zining minnatdorchiligini bildirib, ishlariga muvaffaqiyat tiladi. Qolaversa, O‘zbekiston madhiyasidan parcha o‘qib berdi.


Keyinroq esa tadbirga tashrif buyurgan ayollarni bayram bilan qutladi. Shavkat Mirziyoyev stol oralab mehmonlar bilan ko‘rishar ekan, prezident bilan ko‘rishish uchun kelgan zaldagi mehmonlardan biriga xavfsizlik xodimi yaqinlashish uchun izn bermadi, biroq Shavkat Mirziyoyev ortga qayrilib, ruxsat berishni buyurdi.

U medal olganini aytgach, prezident uni «molodets» deb maqtab, sog‘liq salomatlik tiladi va boshqalar tomon oshiqdi.

Foto: Videodan lavha.

Shavkat Mirziyoyev ayollarni qutlar ekan, ular orasida «Mendirman Jaloliddin» tarixiy filmida bosh rollardan birini ijro etgan Yulduz Rajabovaga qarata «Kino zo‘r chiqibdi, molodets», deb qo‘ydi. Aktrisa bu yili «Shuhrat» medaliga sazovor bo‘ldi.

Bloger Aziza Qurbonovaning yozishicha, 49-stolda o‘tirgan ayollar «biz ham borsakchi oldilariga» deb shoshib qolishgan. Shundan so‘ng, prezidentning ularning stoli tomon yura boshlaganini ko‘rishgan. Ayollardan biri «3 oylik chaqalog‘im bilan kelganman, duolarizni olgani» dedi. Prezident quvonib ketdi.


Yulduz Rajabova. Aziza Qurbonova (chapdan o‘ngga).

«Men bir chekkada turgandim. Sekingina: — «Minnatdorman, prezident», deb aytdim. Davlat rahbari: «Ieyeye, tabriklayman», deya quchoqlashib ko‘rishdi. — «Ko‘rdizmi, qanday ishlarni boshlab yubordingiz», — deya o‘z taassurotlarini so‘zlab berdi Aziza Qurbonova.


Davra oralar ekan, prezident bilan ko‘rishishga oshiqqanlar, yurt tinchligi va farovonligi uchun duoga qo‘l ochganlar ko‘p bo‘ldi.


Shundan so‘ng, Shavkat Mirziyoyev ushbu kun sababchilari bilan birgalikda bayram konsertini tomosha qildi.

Shu kuni prezident Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatiga ham tashrif buyurdi. Shavkat Mirziyoyevning pansionat rahbariga bergan ilk savol u yerda qanday muammolar mavjud ekanligi haqida bo‘ldi. Pansionat rahbari esa dori-darmon masalasi hamda oylik maoshlar kamligini aytib o‘tdi.


Pansionatda hukumat a’zolar, pansionat xodimlari va unda yashovchi keksalar bilan birgalikda muloqot ham bo‘lib o‘tdi. Shavkat Mirziyoyev yig‘ilganlardan qanday muammolar bor ekanligini so‘radi hamda hazil aralash qilib «Kimda menga qanday taklif bor? Aytmanglar hech qanday muammoni, hammasi zo‘r deb aytishdimi sizlarga?» dedi Shavkat Mirziyoyev.


Kasaba uyushmalari federatsiyasiga «Saxovat» uylaridagi barcha nuroniylarni har yili bir marta yurtimizning eng yaxshi sanatoriylarida sog‘lomlashtirish vazifasi topshirildi. Davlat rahbari «Saxovat» va «Muruvvat» uylari xodimlarining fidoyiligini, mehribonligini alohida ta’kidlab, ularning oylik ish haqlarini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.