So‘nggi 3 oyda «ayollar daftari» ga kiritilgan 80 ming nafar xotin-qizning muammolari hal etildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj, turmush sharoiti og‘ir ayollarning 32 ming nafari ish bilan ta’minlandi, deya Toshkent shahridagi «Kongress-xoll»da 8 mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan marosimda prezident Shavkat Mirziyoyev so‘z yuritdi, deya xabar bermoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«So‘nggi yillarda xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini ta’minlash, oila institutini har tomonlama mustahkamlash bo‘yicha, salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada eng quyi bo‘g‘in — mahalla va xonadongacha kirib boradigan, vertikal tizim yaratilayotganini alohida ta’kidlash lozim», — dedi davlat rahbari.

Shavkat Mirziyoyevning ta’kidlashicha, keyingi vaqtda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi rahbariyati boshchiligida, Respublika ishchi guruhi tuzilib, barcha hududlarda ayollarni qiynayotgan muammolar aniqlandi. Ushbu muammolar bo‘yicha manzilli ish olib borish uchun, yangi tizim — «Ayollar daftari» joriy etildi. Inqirozgga qarshi kurash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan salkam 17 ming nafar xotin-qizga amaliy yordamlar ko‘rsatildi.

«Birgina „Har bir oila — tadbirkor“ dasturi doirasida 126 mingga yaqin ayollarga, imtiyozli kreditlar berildi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qariyb 215 ming oilaga 6 trln so‘mdan ziyod kredit mablag‘lari ajratildi. Qariyb 55 ming nafar xotin-qizlar, tadbirkorlik va kasb-hunar markazlari tomonidan o‘qitildi, hunarmandchilik va kasanachilikka jalb etildi. „Besh muhim tashabbus“ doirasida, chekka-chekka hududlarda tikuvchilik sexlari tashkil etilib, 10 ming nafar ayollar bandligi ta’minlandi», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyevning qayd etishiga ko‘ra, uy-joy sotib olish uchun, 1 ming 250 nafar xotin-qizlarga, qariyb 22 mlrd so‘mlik boshlang‘ich badallar to‘lab berildi.

«Joriy yilda ham ushbu xayrli ishlar davom ettiriladi va bu borada kuni-kecha yangi Qarorni imzoladim. Unga ko‘ra, jamiyatda ayollarimizga bo‘lgan e’tiborni eng quyi bo‘g‘ingacha, mahallagacha tushirib, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashning yaxlit tizimi yaratilmoqda. Bundan buyon, O‘zbekistonda biror-bir ayol, davlat va jamiyatning e’tiboridan chetda qolmaydi. Buni xar bir raxbar bilishi kerak», — deb aytdi davlat rahbari.