Prezident Shavkat Mirziyoyev 6 mart kuni Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatiga tashrif buyurdi. Yotoqxona va davolash xonalarida yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirdi, deya xabar bermoqda prezident matbuot xizmati.

Mazkur pansionatda 138 nuroniy davlat ta’minotiga olingan. Prezident bu yerda madaniy tadbirlar o‘tkazish uchun yangi bino hamda pansionatga tutash 3 gektar maydonda Nuroniylar parkini barpo etish bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.

Shavkat Mirziyoyev shu bilan birga, «Saxovat» va «Muruvvat» uylaridagi sharoitlarni, tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni yaxshilash masalalarini muhokama qildi.

«Bugun boshqacha uchrashuv bo‘ladi. Faqat bu pansionat emas, mamlakatimizdagi barcha 34 ta „Saxovat“ va „Muruvvat“ uyini yaxshilash choralarini kelishib olamiz. Ularda jami 9 ming 700 o‘rin mavjud bo‘lib, hozirda 8 ming 840 nafar nuroniylarimiz yashab, davolanyapti. Lekin bu uylarga hech kim kirmagan, faqat bayramlardagina eslangan, tartib, e’tibor bo‘lmagan. Bunday insonlar mehr izlaydi, e’tibor izlaydi. Ularning duosini olsak, yurtimizga baraka yog‘iladi», — dedi davlat rahbari.

Buning uchun, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligini Vazirlar Mahkamasi tuzilmasiga o‘tkazish zarurligi ta’kidlandi. Sharoiti og‘ir muassasalarda qurilish-ta’mirlash ishlarini amalga oshirish, tibbiy uskunalarni yangilash, zamonaviy fizioterapiya bo‘limlari tashkil qilish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

«Avvalgi me’yorlarni qayta ko‘rib chiqib, bu joylarda yashayotgan fuqarolarimizning dorilarini ko‘paytirish, ovqatlari sifatini o‘zgartirish, taom tayyorlashda autsorsing tizimini yo‘lga qo‘yish kerak. Ularning holidan xabar olib turish uchun yaqin atrofdagi shifoxonalar, maktablarni biriktirish ham mumkin. Bu ham e’tibor, mehr-oqibat. Bemor insonlarga e’tiborni kuchaytirsak, yanayam sog‘ayadi», — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.


Bundan tashqari, barcha muassasalarga avtobus sovg‘a qilib, yurtimizning diqqatga sazovor joylari va ziyoratgohlarga sayohatlarini uyushtirish, konsert dasturlari, havaskorlik to‘garaklari tashkil etish rejalashtirilmoqda.

Kasaba uyushmalari federatsiyasiga «Saxovat» uylaridagi barcha nuroniylarni har yili bir marta O‘zbekistonning eng yaxshi sanatoriylarida sog‘lomlashtirish vazifasi topshirildi.

Shavkat Mirziyoyev shuningdek, «Saxovat» va «Muruvvat» uylari xodimlarining oylik ish haqlarini oshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.