«Inson hayoti va jamiyat rivojida muqaddas Ona zoti, munis ayollarimizning beqiyos o‘rnini, oddiy so‘zlar bilan ifoda etish, nihoyatda qiyin vazifa. Mana shunday paytda, Siz azizlarning sha’ningizga madhiyalar aytish uchun, odam shoir bo‘lib tug‘ilmaganiga afsuslanib qoladi», — deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda «Gazeta.uz» muxbiri.

«Murakkab pandemiya sharoitida, sizlar — fidoyi shifokorlar, mehribon hamshiralar ko‘rsatgan jasorat va matonat tufayli, ming-minglab bemorlar davo topdi. Sizlarning ustoz sifatidagi faoliyatingiz evaziga, millionlab farzandlarimiz, ta’lim va tarbiyadan uzilib qolmadi», — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev marosimda ishtirok etayotgan xorijiy davlatlarning elchilari va xalqaro tashkilotlar vakillarini ham qutladi.

Prezident matbuot xizmati xabariga ko‘ra, davlat raxbari yoshlar oila qurishda mas’uliyat bilan yondashishlari kerakligini ta’kidladi.

«Oila — mehr va baxt qo‘rg‘oni. Oila bor ekan, farzand degan bebaho ne’mat bor, insoniy qadr-qimmat va ma’naviyat bor. Oilaviy baxt bu — eng ulug‘ saodatdir. Mashhur qo‘shiqlardan birida aytilganidek, „Uyida baxti borlar har yerda baxtiyordir“. Men aziz yigit-qizlarimizga murojaat qilib aytmoqchiman: turmush qurishga, oilaga, farzand taqdiriga nihoyatda chuqur mas’uliyat bilan qarang. Bu masalaga yuzaki yondashib, ham o‘zingiz, ham o‘zga bir inson hayotini xavf ostiga qo‘ymang», — deya aytdi Shavkat Mirziyoyev.