MDHdagi «Eng yaxshi aeroport — 2020» tanlovida Navoiy xalqaro aeroporti g‘olib bo‘ldi, deya xabar bermoqda«Uzbekistan Airports» AJ matbuot xizmati.

Ushbu tanlov nodavlat va notijorat «Aeroport» assotsiatsiyasi tomonidan 30 yildan beri o‘tkazib kelinadi.

Ma’lumotga ko‘ra, hamdo‘stlik davlatlaridagi barcha aeropotlar qatori Navoiy xalqaro aeroporti 2012 yildan buyon ishtirok etib, jami 8 marotaba mukofot sohibiga aylangan.

«Pandemiya sharoitida qator murakkabliklarning mavjudligiga qaramay, yo‘lovchi va yuk tashishda faollik ko‘rsatgan, yuqori moliyaviy natijalarga erishgan mazkur havo darvozasi ishchi-xodimlarining mehnati hay’at a’zolari tomonidan alohida e’tirof etildi va „Aeroport“ assotsiatsiyasining faxriy yorlig‘i hamda kubogi tantanali ravishda topshirildi», — deyiladi bayonotda.