3 mart kuni Toshkent viloyatida yashovchi fuqaro X.N. viloyat IIBBga bergan arizasida, «DXX Toshkent shahar boshqarmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i» deb tanishtirgan shaxs o‘g‘lini DXX harbiy qismlaridan biriga ishga kiritib qo‘yishi uchun 5 000 AQSH dollari talab qilayotganini ma’lum qilgan, deya Toshkent viloyati IIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

O‘zini «DXX Toshkent shahar boshqarmasi Kadrlar bo‘limi boshlig‘i» deb tanishtirgan shaxs — E.M. katta leytenant unvonidagi DXXning xizmat kiyimi (formasi)da kelishilgan 5 000 AQSH dollari miqdoridagi pullarini olayotgan vaqtida ushlandi.

Surxondaryo viloyatida yashovchi E.M.,(1998 y.t.) hech bir davlat organi yoki boshqa tashkilotda ishlamasligi, shuningdek, avvalroq DXXga qarashli harbiy qismda muddatli harbiy xizmatni o‘taganligi aniqlandi.

Ushlangan shaxsga nisbatan JKning tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bundan avval, Qashqadaryo viloyatida yuqori lavozimdagi tanishlari orqali Milliy gvardiyaga ishga kiritmoqchi bo‘lib, 4 ming AQSH dollari so‘ragan shaxs aniqlangan edi.