Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlab o‘tkazilayotgan davlat tadbirida O‘zbekistonda oilaviy ajrimlarning soni hamon yuqori bo‘lib qolayotganini ta’kidladi. Bu haqda «Gazeta.uz» muxbiri xabar bermoqda.

«Keyingi paytda oilaviy ajrimlarning oldini olish bo‘yicha samarali ish olib borilmoqda. Buni ajralish yoqasiga kelib qolgan 23 mingga yaqin oila yarashtirilgani, ajrimlar soni mingdan ziyodga kamaygani ham ko‘rsatib turibdi. Lekin bir achchiq haqiqatni tan olishimiz kerak. Bu raqamlar hamon yuqori bo‘lib qolmoqda. O‘tgan yili 28 mingdan ziyod oila ajralib ketgani ham fikrimizni tasdiqlaydi», — dedi prezident o‘z nutqida.

«Avvallari biror oila ajrashsa, mahallada duv-duv gap bo‘lardi, butun mahalla oyoqqa turardi. Ajrim — bu katta fojia. Albatta, barchamizning istagimiz, tilagimiz bitta: qani endi, yurtimizda ajrim degan noxush holatning o‘zi bo‘lmasa… Oilalar parokanda, bolalar tirik yetim bo‘lib, sarson-sargardon bo‘lmasa… Men bir fikrni qayta-qayta aytishdan charchamayman. Oila — bu mehr va baxt qo‘rg‘oni. Oila bor ekan, farzand degan bebaho ne’mat bor, insoniy qadr-qimmat va ma’naviyat bor», — deya ta’kidladi davlat rahbari.

Ma’lum qilinishicha, 2021 yilda turmush sharoiti og‘ir bo‘lgan ayollar hamda yolg‘iz onasi qaramog‘ida o‘sgan qizlarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida byudjetdan 200 mlrd so‘mdan ziyod mablag‘ ajratiladi. Boshpanasi bo‘lmagan ayollarni ijara asosida «ijtimoiy uy-joylar» bilan ta’minlash uchun yana 211 milliard so‘m yo‘naltiriladi.

Bundan tashqari, boquvchisini yo‘qotgan hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj xotin-qizlarga moddiy yordam berish va malakali tibbiy yordamga muhtoj ayollarni davolashga qo‘shimcha 110 mlrd so‘m ajratiladi. Ayollar bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunarga o‘qitish, tadbirkorlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash uchun byudjetdan qo‘shimcha 600 milliard so‘m ajratiladi, dedi prezident.