4 va 5 mart kunlari «Korrespondent» nashridan so‘ng, qator onlayn OAVlar va blogerlar O‘zbekiston prezidentining kuyovi Otabek Umarov Janubiy Koreyada davolanayotgani haqida xabar berishdi.

Xabarda aytilishicha, u 13 fevral kuni kechqurun «Pushkin» metro bekati yaqinidagi Mustaqillik shoh ko‘chasida mototsiklda YTHga uchrab, jarohat olgan.

YTH haqida «Gazeta.uz»ga ma’lum edi, ammo tahririyatning prezident ma’muriyati, SSV va Toshkent IIBga yuborgan so‘rovlari javobsiz qoldi. Hodisa haqida hozircha rasmiy xabarlar berilmagan.

Rasmiy ma’lumotlarning mavjud emasligi fonida, voqea sodir bo‘lganida jarohat olgan Epica avtomobili haydovchisining o‘limi haqida mish-mishlar tarqaldi. O‘zini ushbu avtomobil haydovchisi deb tanishtirgan Bobur Mamatov «Korrespondent»ga bergan intervyusida ushbu ma’lumotni rad etdi. Shuningdek, u o‘zi mototsikl haydovchisini kasalxonaga olib borganini aytib, o‘sha paytda u kim ekanligini bilmaganligini ta’kidladi.

Mustaqillik shoh ko‘chasida mototsikllarning harakati taqiqlangan.

Juma kuni, deputat Rasul Kusherbayev o‘zining Telegram-kanalida, «istaymizmi yo‘qmi har qanday axborot tekshirilishi bilan o‘z haqqoniy qiymatiga ega», deb yozdi. «Biror rasmiy idoraning ma’lumoti e’lon qilinmaguncha turli tahmin va fikrlarni asos yohud yuridik fakt sifatida qabul qilib bo‘lmaydi», — deya ta’kidladi deputat.

Rasul Kusherbayevning fikriga ko‘ra, Otabek Umarovning sog‘ligi masalasi so‘nggi vaqtlarda ko‘proq siyosiy qolipga ko‘chirilmoqda. «Ochig‘i tushunmayapman: bir kishining avtohalokatga uchrashi va davolanishi shunchalar g‘ayritabiiy xodisami. Bu holatga har kim ham tushishi mumkin», — deya qo‘shimcha qilib, Otabek Umarovga sog‘liq tiladi.