Qozog‘iston Sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Soy O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbari Abduhakim Xadjayevni O‘zbekistondagi farmatsevtika korxonalaridan birida Qozog‘istonning «QazCovid-in» vaksinasini ishlab chiqarish imkoniyatini ko‘rib chiqishga taklif qildi. Bu haqda Spot Kursiv.kz ma’lumotlariga tayanib xabar bermoqda.

Xabarga ko‘ra, Qozog‘iston Bosh vaziri o‘rinbosari Erali Tug‘janov o‘zbekistonlik hamkasblarini Qozog‘istonning yuqori texnologik tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi yetakchi tibbiyot markazlariga tashrif buyurishga, birlamchi tibbiy yordam muassasalari darajasida axborot texnologiyalarining joriy etilishi, shuningdek, farmatsevtika ishlab chiqarishi bilan tanishishga taklif etdi.

«Biz epidemiyaga qarshi kurashda sheriklikni faollashtirishni, bunday holatlarga tezkorlik bilan javob berish nuqtai nazaridan samarali o‘zaro aloqalarni yaratishni, shuningdek, mavjud epidemiya holati va uni barqarorlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida doimiy ma’lumot almashishni yo‘lga qo‘yishni taklif qilamiz» — deydi Qozog‘iston sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Soy.