5 mart kuni Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari etib tayinlangan elchi Sharlotta Adrianni qabul qildi, deya xabar berdi TIV matbuot xizmati.

Elchi vazirga ishonch yorliqlari nusxasini topshirdi. Vazir YeI delegatsiyasi rahbarini mazkur tayinlov bilan tabrikladi, unga O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni rivojlantirish va mustahkamlashda muvaffaqiyatlar tiladi.

Suhbat davomida O‘zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston va Yevroittifoq o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasi bo‘yicha muzokaralar jarayonini ijobiy baholashdi.

Bo‘lajak qo‘shma tadbirlar, jumladan «O‘zbekiston-Yevropa Ittifoqi» hamkorlik kengashining navbatdagi yig‘ilishi, «Yevropa Ittifoqi — Markaziy Osiyo» siyosat va xavfsizlik masalalari bo‘yicha yuqori darajadagi muloqotining navbatdagi davrasini o‘tkazish jadvali, kun tartibi va tashkiliy masalalari ko‘rib chiqildi.

«2021 yil mart oyining oxiriga qadar O‘zbekistonga GSP+ maqomi berilishiga umid bildirildi», — deyiladi xabarda.

YeI bilan ta’lim sohasida, xususan, yangi «Erasmus» dasturi orqali yaqin hamkorlikni kengaytirishga qiziqish bildirildi.