O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 4 mart kuni Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining (IHT) videoanjuman shaklida o‘tgan 14-sammiti ishida ishtirok etdi.

Turkiya prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an raisligida o‘tgan tadbirda Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani, Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov, Eron prezidenti Hasan Ruhoniy, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev, Pokiston Bosh vaziri Imron Xon, shuningdek, IHT bosh kotibi Hadi Sulaymonpur, mintaqaviy tuzilmalar rahbarlari ham ishtirok etdi.

Sammit kun tartibiga muvofiq COVID-19 pandemiyasidan keyingi davrda ushbu nufuzli tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi amaliy hamkorlikni kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston rahbari o‘z nutqida Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti hududi — bu tarixi, dini, madaniyati va qadriyatlari mushtarak, ulkan salohiyatga ega bo‘lgan mintaqa ekanini alohida ta’kidladi.

Prezident bir qator takliflarni ilgari surdi.

Birinchidan — tashkilotga a’zo mamlakatlar tomonidan karantin davrida o‘rnatilgan savdo va transport cheklovlarini bartaraf etish. «Raqamli texnologiyalar va elektron tijoratni keng joriy etish savdo aloqalarimizni sezilarli ravishda yengillashtiradi», deb hisoblaydi davlat rahbari.

Shundan kelib chiqib, Turkiya ilgari surayotgan Savdoga ko‘maklashish bo‘yicha bitimni kelishish va qabul qilishni tezlashtirish lozim, dedi u.

Ikkinchidan — «Bir-birini to‘ldiruvchi nuqtalarni topish» tamoyili asosida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish xalqlarning umumiy farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

Uchinchidan — tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida mablag‘lar, tovarlar va xizmatlar erkin aylanishini ta’minlash, banklararo aloqalarni va moliyalashtirishni kengaytirish.

Shavkat Mirziyoyev mazkur vazifalarni amalga oshirish uchun yaqin istiqbolda O‘zbekiston banklari ishtirokida xalqaro Bank-moliya Forumini o‘tkazishni taklif qildi.

To‘rtinchidan — mintaqalarning transport yo‘laklarini kengaytirish va tranzit salohiyatini oshirish, «o‘zaro iqtisodiy hamkorlikni yanada jadallashtiradi».

«Biz, O‘zbekiston — Turkmaniston — Eron — O‘mon, O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy transport yo‘laklarini, shuningdek, Ozarbayjon orqali Turkiya va Yevropa davlatlariga chiqish yo‘llarini rivojlantirishdan manfaatdormiz», — dedi prezident.

Shu bilan birga, yangi taklif etilgan Mozori Sharif — Kobul — Peshovar temir yo‘lining qurilishi Afg‘onistonni keng mintaqaga integratsiya qilish va barqaror taraqqiyotni ta’minlashda ulkan ahamiyat kasb etadi.

Beshinchidan — BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) bilan birgalikda, IHTning Oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi yangi Dasturini ishlab chiqish va qabul qilish.

Shavkat Mirziyoyev 2021 yilda joriy yilda Iqtisodiy hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar qishloq xo‘jaligi vazirlarining, navbatdagi yig‘ilishini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyorligini bildirdi.

Oltinchidan — Energetika barqarorligini ta’minlash, sohaga investitsiya va zamonaviy texnologiyalarni keng jalb etishga qaratilgan O‘rta muddatli Strategiyani ishlab chiqish va tasdiqlash. Prezident qayta tiklanadigan va muqobil energiya manbalariga boy mintaqada «yashil iqtisodiyot»ni rivojlantirish imkoniyatlari nihoyatda katta ekaniga e’tibor qaratdi.

Yettinchidan — mintaqada sezilayotgan ekologiya va global iqlim o‘zgarishlari bilan bog‘liq muammolar, jumladan Orolbo‘yi hududidagi oqibatlarga yechim topish bo‘yicha ta’sirchan mintaqaviy hamkorlikning aniq mexanizmlarini joriy etishni maqsadga muvofiq.

Sakkizinchidan — sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz. Davlat rahbari tashkilot doirasida epidemiologik vaziyatni monitoring qilish va tegishli chora-tadbirlarni oldindan rejalashtirish tizimini amaliyotga joriy etishni taklif qildi.

IHTning navbatdagi, 15-sammiti Turkmanistonda o‘tkaziladi.

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti 1985 yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda 10 ta davlat IHTga a’zo. Bular — O‘zbekiston, Turkiya, Eron, Pokiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Ozarbayjon va Afg‘oniston.