OPEK+ mamlakatlari neft qazib olish bo‘yicha cheklovlarni aprel oyigacha cho‘zishini ma’lum qilgach, neftning halqaro narxi 5% ga, bir barrel uchun 67 dollargacha ko‘tarildi, deya xabar berdi Bloomberg.

Bundan tashqari, Saudiya Arabistoni o‘z ixtiyoriga ko‘ra neft qazib olishni kuniga 1 mln barrelga qisqartirish qarorini aprel oyigacha uzaytiradi. Dastlab Ar-Riyod cheklovni martgacha saqlab qolishni rejalashtirgan edi.

Pandemiya inqirozi tufayli neftga talab o‘zgaruvchan bo‘lib qolmoqda. OPEK+ mutaxassislari bozordagi noaniqlik va koronavirusning yangi shtammlari bilan bog‘liq xavflarni hisobga olib, ehtiyot bo‘lishga chaqirishdi, deb yozdi Reuters.

Shuningdek, kelishuvga ko‘ra, Rossiya va Qozog‘istonga iyul oyining oxirigacha kuniga neft qazib olish hajmini 130 ming va 20 ming barrelga ko‘paytirishga ruxsat berilgan.