Toshkentda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Shayxontohur tuman bo‘limi va DXX xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda raqamli kripto valyuta savdosi bilan noqonuniy shug‘ullangan ikki kishi qo‘lga olindi. Bu haqda Departament matbuot xizmati xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, fuqaro D.K. «R.» ismli shaxs bilan oldindan til biriktirib,1 V (bitkoin) elektron pul birligini 49 670 AQSH dollariga baholab, 0,45 (bitkoin) elektron pul birligiga o‘zining 5% ustama foydasini qo‘shib hisoblab 0,45 (bitkoin) elektron pul birligini kelishilgan «elektron hamyon»ga o‘tkazib berib, evaziga xaridordan 23 400 AQSH dollari va 800 ming so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan D.K. va «R.» ismli shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) va 190-moddasi (faoliyat bilan litsenziyasiz shug‘ullanish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.