Oliy Majlis Senati raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Alter Ego loyihasiga bergan intervyusida O‘zbekistonning Jahon savdo tashkiloti hamda Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zo bo‘lishi masalasi yuzasidan o‘z munosabatini bildirdi.

«Xalqaro hamjamiyatga har qanday qo‘shilish shaxsiy suverenitetingizni cheklash demakdir. Bu aksioma. O‘zbekistonning ehtiyotkorligi tashqi iqtisodiy va tashqi siyosiy faoliyatni olib borish hamda tashqi hamkorlarimizni aniqlashda mustaqillikni qanday qilib saqlab qolish mumkinligi bo‘yicha edi. WTO`ga [Jahon savdo tashkiloti] a’zo bo‘lishda bu kabi muhim masalalar yo‘q. U yerda o‘zimizni manfaatlarimizni himoya qilish bo‘yicha juda aniq mexanizmlar mavjud. Nima uchun hozir muzokaralar juda uzoq davom etmoqda? Chunki u yerda O‘zbekiston o‘zining iqtisodiy rivojlanish darajasini hisobga olgan holda, o‘z manfaatlarini himoya qilishi hamda boshqa mamlakatlar — savdo hamkorlari tomonidan yutib yuborilmasligi uchun juda aniq pozitsiyalar yaratilmoqda», — deya ta’kidladi Sodiq Safoyev.

Senat raisining birinchi o‘rinbosari YeOII yetarlicha o‘rganilmagani bois O‘zbekiston avvaliga kuzatuvchi maqomida unga qo‘shilganini aytdi.

«YeOII nuqtai nazaridan — bu mexanizm yetarli darajada o‘rganilmagan. Shuning uchun avval kuzatuvchi bo‘lishga qaror qilindi. Bu yog‘da qovurilib, mexanizmini ko‘rish uchun. Shundan so‘ng, qaror qabul qilamiz, albatta jamoatchilik bilan birga», — dedi u.

Jurnalist Kiril Altman «jamoatchilik „Bu O‘zbekistonni Rossiyaga yanada qaram qilib qo‘yadigan siyosiy qaror, bu SSSRni yangi formatda qayta jonlantirish, bu ortga yo‘l mavjud bo‘lmagan ittifoq“ deya ta’kidlamoqda, bu gaplarda qanchalik jon bor?», deya savol berdi.

«Albatta, bunday fikrlarni parlamentda ham o‘rganib chiqdik. Bilasizmi, biz 27 yildan beri bundan o‘zimizni uzoqlashtirganmiz. Buning natijasida hech qanday yaxshi narsaga erishmadik. Bizda savollar ko‘p. Men har doim bugungi kunda o‘zlari uchun huquqiy maydonda emasliklari noqulaylik tug‘dirayotgan Rossiya, Qozog‘iston va boshqa joylardagi millionlab odamlarimiz haqida o‘ylayman. Men bu yerda qolib, o‘z boquvchisi va ota-onasini kutayotganlar haqida o‘ylayman», — dedi senator.

Bundan tashqari, suhbat chog‘ida xalqaro takshilotlarga a’zo bo‘lishning asosiy talablaridan biri sanalmish — sudlar mustaqilligiga ham to‘xtab o‘tildi.

«Bu xorijiy investorlar hamda ittifoq uchun ham muhim qismlardan biri hisoblanadi. Sudlarning mustaqiligi aynan hozir juda muhim. Ishoning, sud-huquq sohasini takomillashtirish bo‘yicha intensiv ishlar olib borilmoqda. Shu jumladan, ingliz qonunining elementlarini iqtisodiy sektorga kiritish masalasi, qolaversa, bu bo‘yicha boshqa davlatlarning tajribasi ham o‘rganilayapti. Buni qo‘llab-quvvatlayotganlar ham, unga qarshi chiqaryotganlar ham bor. Lekin, hamma tushunib turibdi, sud hokimiyatining mustaqilligisiz jamiyat barqaror rivojlanmaydi», — dedi Safoyev.